00:10 / 17.02.2025
1 105

Olimlar qadimgi Misr mumiyolari yoqimli hid taratishini aniqlashdi

Olimlar qadimgi Misr mumiyolari yoqimli hid taratishini aniqlashdi
Foto: Depositphotos
London universiteti kolleji (Buyuk Britaniya) va Lyublyana universiteti (Sloveniya) olimlaridan iborat xalqaro guruh yaxshi saqlangan Misr mumiyolari yoqimli yogʻoch-ziravor va shirin hid tarqatishini aniqladi. Bu hidlar balzamlash jarayonida qaragʻay va archa smolalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Tadqiqot natijalari Journal of the American Chemical Society (JACS) ilmiy jurnalida e'lon qilindi.

Ish jarayonida jamoa Qohiradagi Misr muzeyida saqlanayotgan, taxminan, 5000 yillik toʻqqizta mumiyoning hidlarini tahlil qildi. Buning uchun kimyoviy tahlil ham, hid boʻyicha ekspertlar guruhi ham jalb etildi.

“Biz parchalanish yoki mikrob degradatsiyasi belgilarini topmaganimizdan hayratga tushdik. Bu muzeydagi saqlash sharoitlari yaxshi ekanidan dalolat beradi”, dedi Lyublyana universiteti kimyo professori Matiya Strlich.

Hid mumiyolash jarayonida muhim rol oʻynagan, chunki yoqimli aromatlar poklik va ilohiylik bilan bogʻlangan, yoqimsiz hidlar esa chirish jarayonini anglatgan. Olimlar ta'kidlashicha, sarkofaglardan ajralib chiqayotgan havo molekulalarini tahlil qilish usuli mumiyolarning saqlanish darajasini jismoniy aralashuvsiz baholash imkonini beradi.

Biroq bugungi kundagi hidlar ming yillar davomida bugʻlanish, oksidlanish va saqlash sharoitlari tufayli asl hidlardan farq qilishi mumkin. Tadqiqotchilar oʻz ma'lumotlaridan foydalanib, qadimiy mumiyolarning hidlarini qayta tiklash va muzey tashrif buyuruvchilarining taassurotlarini yaxshilash imkonini beruvchi “hid landshaftlari”ni yaratishni umid qilmoqda.

“Biz mumiyolangan jasadlarning hidi sababli oʻzimizda paydo boʻlgan tuygʻularni siz bilan baham koʻrmoqchimiz. Shu sababli ushbu hidni Qohiradagi Misr milliy muzeyiga tashrif buyuruvchilar uchun qayta yaratamiz”, dedi tadqiqot mualliflaridan biri Sesiliya Bembibre.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo