00:45 / 19.02.2025
192

Isroil armiyasi Livan janubidagi beshta hududda qolishini ma'lum qildi

Isroil armiyasi Livan janubidagi beshta hududda qolishini ma'lum qildi
Foto: Reuters
Livanning janubiy hududlarini tark etayotgan Isroil armiyasi Livan hududidagi beshta pozitsiyada oʻz oʻrnini saqlab qoladi. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Israel Kas ma'lum qildi.

"Bugundan boshlab Isroil mudofaa kuchlari mamlakat shimolidagi aholi punktlarini himoya qilish uchun chegara chizigʻi boʻylab beshta nazorat nuqtasida Livandagi bufer zonada qoladi", deb yozdi u X'dagi sahifasida.

Kasning ta'kidlashicha, Isroil armiyasi “Hizbulloh”ga qarshi harakatlarni toʻliq davom ettiradi.

"2023 yilning 7 oktyabrdagi holatga qaytishga yoʻl qoʻymaymiz", deya qoʻshimcha qildi vazir.

Joriy yilning 17 fevral kuni Ynet portali Isroil mudofaa kuchlari oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi doirasida Janubiy Livandan qoʻshinlarni keyingi 24 soat ichida olib chiqib ketishi, biroq beshta strategik pozitsiyada qolishi haqida xabar berdi. Kan radiostantsiyasi ma'lumotlariga koʻra, Isroil armiyasi Livan janubidagi “Hizbulloh” tuzilmalari faolligining qayta tiklanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun 18 fevraldan keyin ushbu beshta pozitsiyada “noma'lum muddatga” qolishni davom ettiradi.

2024 yil 27 noyabrda Amerika–Fransiya vositachiligi natijasida tuzilgan yarashuv kelishuvi Livan armiyasini BMT tinchlikparvar kuchlari koʻmagida butun janubiy chegara boʻylab joylashtirishni va “Hizbulloh” tuzilmalarini Litani daryosi ortiga olib oʻtishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, Isroil 60 kungacha boʻlgan muddatda oʻz qoʻshinlarini Livan janubidan olib chiqib ketishi kerak edi. 27 yanvar kuni Oq uy Isroil boʻlinmalarini Livan hududidan olib chiqish va oʻt ochishni toʻxtatish muddatlari boʻyicha kelishuvni 18 fevralgacha uzaytirish boʻyicha kelishuvga erishilganini ma'lum qildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo