14:23 / 19.02.2025
393

Britaniya urushdan soʻng Ukraina havo hududini qoʻriqlamoqchi

Britaniya urushdan soʻng Ukraina havo hududini qoʻriqlamoqchi
Foto: Ukraina Mudofaa vazirligi
Buyuk Britaniya urush tugab, tinchlik shartnomasi imzolangandan soʻng Ukraina osmonida patrullik qilish uchun Typhoon qiruvchi samolyotlaridan foydalanishi mumkin. Bu haqda Britaniya hukumati va Qirollik havo kuchlaridagi manbalarga tayanib, The Times xabar berdi.

Britaniya NATO dasturiga oʻxshash Ukraina uchun “havo politsiyasi” tashkil etishni muhokama qilmoqda. Bu dasturga koʻra, alyans 2004 yildan beri Boltiqboʻyi davlatlari havo hududini himoya qilib keladi.

"Bunday variant Ukraina ustida parvozlar taqiqlangan hudud yaratishdan koʻra ehtimoli koʻproq, chunki soʻnggi holatda samolyotlar Ukraina osmonida kecha-yu kunduz patrullik qilishi kerak boʻladi", deya aniqlik kiritdi manbalardan biri.

Taxminlarga koʻra, “politsiya missiyasi”da Polshada joylashtirilishi rejalashtirilgan oʻnlab “tish-tirnogʻigacha qurollangan” va doim parvozga shay turuvchi qiruvchi samolyotlar ishtirok etadi.

Bunday qaror Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining bir qismi boʻlishi mumkin, shuningdek, quruqlikda tinchlik shartnomalariga rioya etilishini nazorat qilish uchun kamroq harbiy kontingentni jalb qilish imkonini beradi.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya buning uchun koʻplab samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini jalb etishi kerak. Bu masalani muhokama qilish boshlangʻich bosqichda. Biroq The Times gazetasining Qirollik harbiy-havo kuchlaridagi suhbatdoshi “Bizga nima deyishsa, barchasini bajarishga tayyormiz”, deya ta'kidladi.

Urushdan soʻng Ukrainaga 100 ming tinchlikparvar kuchlar kerak

Avvalroq prezident Vladimir Zelenskiy urush tugaganidan keyin mamlakatda Rossiyaning takroriy tajovuzining oldini oladigan 100 ming yevropalik tinchlikparvar kuchlar kerakligini aytgan edi. Biroq, Washington Post ma'lumotlariga koʻra, Evropa ittifoqi faqat 25-30 ming harbiy xizmatchini yuborishi mumkin.

Germaniya, Italiya va Polsha bu qarorning oʻrinli ekaniga shubha qilmoqda. Fransiya esa tinchlikparvar kuchlarni Rossiya armiyasi bilan toʻqnashuv chizigʻiga emas, balki “nizoli boʻlmagan hududlar”ga yubormoqchi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Evropa tinchlikparvar kuchlarini Ukrainada joylashtirish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlagan. Ammo amerikalik harbiylar yuborilmasligini aytgan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Evropa kuchlarini Ukrainaga kiritish boʻyicha takliflar Moskvaga ma'qul emasligini ta'kidlagan. Bu masala AQSh va Rossiyaning urush boshlanganidan beri birinchi rasmiy muzokaralarida muhokama qilingan.

Lavrovning soʻzlariga koʻra, Rossiya tomoni amerikalik hamkasblariga NATO davlatlari qoʻshinlarining Ukraina hududida boʻlishi, hatto “begona bayroq ostida, Evropa ittifoqi bayrogʻi yoki milliy bayroqlar ostida” ham qabul qilinishi mumkin emasligini etkazgan.

Ma'lumot oʻrnida, Rossiya Ukraina armiyasiga qarshi jang qilish uchun Kursk viloyatiga Shimoliy Koreya harbiylarini yuborgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo