
AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga nisbatan ochiqchasiga keskin fikr bildirishi Vashington Rossiya tomon burilishi bilan bogʻliq emas, balki konlar boʻyicha kelishuv tuzish uchun Kiyevga bosim oʻtkazish usulidir. Bu haqda Politico Oq uydagi manbalariga tayanib yozmoqda.
Nashr suhbatdoshlari «muzokaralar olib borishdagi qoʻpol taktikaning navbatdagi namunasi» boʻlgan «dahanaki jang»ga jiddiy e'tibor bermaslikka chaqirgan.
Ularning fikricha, agar kelishuv imzolansa, Zelenskiy va Trampning munosabatlari joyiga tushadi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Trampning Zelenskiyga e'tirozlari — konlar boʻyicha taklif rad etilgani tufayli ekanini bildirgan.
Rubioning soʻzlariga koʻra, Vashingtonda bunday kelishuv oʻz-oʻzidan Ukraina uchun kelajakdagi xavfsizlik kafolati boʻladi, deb hisoblashadi, chunki AQSh uning er osti boyliklariga kirish huquqini qoʻlga kiritgach, bundan «shaxsan manfaatdor» boʻladi.
Rubio Zelenskiy avvaliga kelishuvga roziligini bildirgani, keyin esa uni ochiqchasiga rad etganidan Vashingtondagilarning hafsalasi pir boʻlganini ta'kidlagan: «Ikki kun oʻtib Zelenskiy shunday deganini oʻqidim: „Men kelishuvni rad etdim, men ularga hech qanday holatda buni qilmasligimizni aytdim“. Sizga aytsam, oʻsha uchrashuvda bunday voqea boʻlmagandi. Shunday qilib, kimdir sizni xafa qila boshladi — biz esa bu yigitlarga yordam berishga harakat qilyapmiz».
Axios ma'lumotlariga koʻra, AQSh allaqachon Ukrainaga er osti boyliklari boʻyicha yangi kelishuv loyihasini yuborgan, unda Zelenskiyning «ba'zi xavotirlari» hisobga olingan. Nashr manbasi ma'lum qilishicha, Ukraina prezidentining bir necha maslahatchilari kelgusida Tramp bilan kelishmovchilikka bormaslik uchun uni yangilangan bitimni imzolashga koʻndirgan.
Trampning Zelenskiyga hujumlari
AQSh prezidenti Donald Tramp oʻzi «saylovsiz diktator» deb atagan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga hujum qilishda davom etmoqda. Associated Press xabariga koʻra, 19 fevral kuni kechqurun Mayamidagi investitsiya forumida soʻzlagan nutqida Tramp foydali qazilmalar boʻyicha kelishuvni imzolashdan bosh tortgani uchun Zelenskiyga «gʻazabini sochgan». «Ular bu kelishuvni buzishdi», — degan Tramp. Avvalroq Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari haqida gap ketmagani, faqat AQSh Ukrainaning barcha nodir metallarining 50 foiziga ega boʻlishi aytilgani tufayli shartnomani imzolashdan bosh tortganini bildirgandi.
Prezident samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbatda Tramp ukrainlar fevral oyi boshida Kiyevga AQSh moliya vaziri Skott Bessent kelishidan oldin kelishuvga «koʻproq yoki kamroq rozi boʻlgani»ni aytdi. Trampning soʻzlariga koʻra, ukrainlar Bessentga «juda qoʻpol munosabatda boʻlishgan»: «Mohiyatan unga „yoʻq“ deyishgan, Zelenskiy esa uxlab yotgan va u bilan uchrasha olmagan».
«U koʻp soat poyezdda yurib bordi, bu esa xavfli sayohat va biz moliya vaziri haqida gaplashyapmiz. U hujjatga qoʻl qoʻyish uchun u erga bordi va quruq qaytdi. Ular hujjatni imzolamadi», — degan AQSh prezidenti.
Foydali qazilmalar boʻyicha kelishuv qayta tiklanishi ehtimoli boʻyicha savolga javob berarkan, Tramp shunday dedi: «Ha, oʻylaymanki, men bu kelishuvni qayta tiklayman, nima boʻlishini koʻramiz, lekin men uni qayta tiklayman, aks holda bu qiziqarli boʻlmaydi. Mana, saylov vaqti ham keldi».
Reuters agentligi ma'lumotiga koʻra, Tramp ma'muriyati Ukraina bilan tabiiy resurslardan foydalanish boʻyicha soddalashtirilgan bitim tuzish variantini koʻrib chiqmoqda. Agentlik manbalari aytishicha, bu kelishuvni tezda imzolash imkonini beradi, batafsil shartlar keyinroq muhokama qilinadi. Agentlik suhbatdoshlari ta'kidlashicha, Kiyev kelishuv tuzishga tayyor, ammo shartlar «yirtqichlarcha» boʻlmasligi kerak.
Tramp 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtgan Rossiya-AQSh muzokaralaridan koʻp oʻtmay Zelenskiyni tanqid qila boshladi. Tramp hech qanday isbot keltirmagan holda Ukrainada Volodimir Zelenskiyni ma'qullash reytingi 4 foiz ekanini aytgandi. Zelenskiy bunga javoban «agar kimdir uni hoziroq almashtirmoqchi boʻlsa, buning iloji yoʻqligi»ni aytgandi. Oʻz navbatida, Ukraina prezidenti ham Trampni Rossiya dezinformatsiyasi qurboni deb atadi.
Kreml Tramp va Zelenskiy oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarga izoh berib, Ukraina prezidentining reytingi pasayib borayotgani va «bu mutlaqo yaqqol tendentsiya» ekanini aytdi. «Zelenskiy va umuman Kiyev rejimining koʻplab vakillarining ritorikasi yaxshilikka olib kelmaydi. Koʻpincha Ukraina rejimi vakillari, ayniqsa, soʻnggi oylarda boshqa davlatlar rahbarlariga nisbatan mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan gaplarni aytishmoqda», — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab davlat rahbarlari uchun «bu mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan va qabul qilib boʻlmaydigan holat».
Soʻnggi kunlarda Donald Tramp tinchlik kelishuvining kafolati sifatida Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish boʻyicha kelishuvga erishmoqchi boʻlgan Fransiya va Buyuk Britaniyaning sa'y-harakatlarini ochiqchasiga qoʻllab-quvvatladi. Tramp tinchlikparvar kuchlar yuborilishini «ajoyib jest» deb atadi.
The Telegraph gazetasi ma'lumotlariga koʻra, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer fevral oyida Tramp bilan boʻlib oʻtadigan uchrashuvda Evropa davlatlari Ukrainaga 30 ming askar yuborishini koʻzda tutuvchi rejani taqdim etadi (Ukraina 100 mingdan ortiq askar kerakligini bildirgan). Shuningdek, Starmer Rossiya sulh shartlarini buzgan taqdirda Amerika qiruvchi samolyotlari va raketalari Sharqiy Evropada jangovar shay holatda boʻlishini talab qiladi.
Avvalroq The Times gazetasi Buyuk Britaniya xavfsizlik kafolati sifatida Ukrainaga qiruvchi samolyotlar va oz sonli quruqlikdagi qoʻshinlarini yuborishi mumkinligi haqida yozgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar