
Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya—Ukraina urushini toʻxtatish muzokaralarida Volodimir Zelenskiy ishtirok etishi shart emasligini ma'lum qildi. Bu haqda u Fox News Radio’ga bergan intervyusida ta'kidladi.
Trampning soʻzlariga koʻra, Ukraina prezidenti soʻnggi uch yilda «uchrashuvlarda boʻlgan» va hamon mojaroga barham bera olmagan.
«Toʻgʻrisini aytsam, uchrashuvlarda uning qatnashishi juda muhim emas. Zelenskiy uni Saudiya Arabistonidagi uchrashuvga taklif etishmaganini aytgandi… Bu ustuvor boʻlmaganini nazarda tutmoqdaman, chunki u shu paytgacha muzokaralarni yomon olib bordi», — deydi Tramp.
Shuningdek, uning aytishicha, AQShning oldingi prezidenti Jo Bayden va Zelenskiy urushning oldini olishlari mumkin edi.
«Har safar «Bu Rossiyaning aybi emas», desam meni feyk yangiliklar uchun tanqid qilishadi, ammo shuni aytamanki, Bayden notoʻgʻri narsalarni gapirdi, Zelenskiy notoʻgʻri narsalar haqida gapirib keldi, ularga ancha kuchli va kattaroq tomon hujum qildi. Biroq Rossiyani bundan osonlikcha qaytarish mumkin edi», — deydi Tramp.
AR-Riyodda oʻtkazilgan Rossiya—Amerika muzokaralaridan keyin Donald Tramp Zelenskiyni keskin tanqid qilmoqda. AQSh prezidentining ma'lum qilishicha, ukrainaliklar orasida Zelenskiyning reytingi pasayib ketgan, shuningdek, Tramp uni «diktator» deb atadi va Ukrainada prezidentlik saylovlarini oʻtkazishga chaqirdi.
Politico’ning yozishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga nisbatan ochiqchasiga keskin fikr bildirishi Vashington Rossiya tomon burilishi bilan bogʻliq emas, balki konlar boʻyicha kelishuv tuzish uchun Kiyevga bosim oʻtkazish usulidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar