18:54 / 26.02.2025
214

Kim Chen In har qanday urushga tayyor zamonaviy armiya yaratmoqchi

Kim Chen In har qanday urushga tayyor zamonaviy armiya yaratmoqchi
Foto: Reuters
Shimoliy Koreya etakchisi Kim Chen In har qanday urushga tayyor zamonaviy armiyani yaratishga chaqirdi, deb xabar bermoqda News1 ga tayanib Daryo nashri.

Bu haqda KXDR etakchisi Kan Kon harbiy akademiyasiga tashrifi chogʻida aytib oʻtgan. Xususan, u oʻquvchilarga zamonaviy urush olib borishga muvofiq amaliy tajriba va “qoʻmondonlik koʻnikmalari”ni egallashni topshirdi.

Reuters yozishicha, Shimoliy Koreya etakchisining safari mamlakat Ukrainadagi harbiy operatsiyada Rossiyani qoʻllab-quvvatlash uchun minglab harbiylarni yuborganidan keyin boʻlib oʻtgan.

"Janubiy Koreya razvedka xizmati siyosatchining harbiy boʻlinmalar va mashgʻulotlar boʻyicha avvalgi tekshiruvlari Rossiyaga qoʻshimcha askarlar yuborishga tayyorgarlikning bir qismi boʻlishi mumkinligini taxmin qildi", deya ta'kidlaydi agentlik.

News1 ga koʻra, jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan Shimoliy Koreya qoʻshinlari dronlardan foydalanish kabi zamonaviy urush usullariga nisbatan zaif boʻlib chiqdi. Nashrning qayd etishicha, Kim Chen In yaqinda Rossiyaga yuborilgan va Ukrainada asirga olingan askarlar “Janubiy Koreyaga qochib oʻtmoqchi” ekanligi haqidagi xabarlardan soʻng harbiy maktablarni birma-bir tekshirmoqda.

Rossiya va KXDR 2024 yilda Keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomani imzolagan edi. Ushbu hujjatning 4-moddasida “Agar tomonlardan biri bir yoki bir necha davlatning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, boshqa tomon BMT Nizomining 51-moddasi hamda KXDR va Rossiya qonunlariga muvofiq unga zudlik bilan oʻz ixtiyoridagi barcha vositalar bilan harbiy yordam koʻrsatishi” belgilangan.

Kiyev ma'lumotlariga koʻra, KXDR Rossiyaga 12 mingga yaqin askar yuborgan, ularning aksariyati Kursk viloyatiga yoʻnaltirilgan. Kreml Shimoliy Koreya qoʻshinlarining koʻchirilishi va harakatlanishi haqidagi ma'lumotlarga izoh bermagan.

2024 yilning 1 noyabr kuni KXDR TIV rahbari Soy Son Xi Pxenyan Rossiya armiyasiga yordam koʻrsatishini rasman e'lon qildi, biroq bu yordam nimalardan iborat ekaniga aniqlik kiritmadi.

20 noyabr kuni The Wall Street Journal Ukraina va Janubiy Koreya rasmiylariga tayanib, Shimoliy Koreya Rossiyaga mamlakatning oʻn nafar eng yuqori martabali amaldorlaridan biri — 500 nafar zobitlar qatorida general-polkovnik Kim Yon Bokni yuborgani haqida xabar bergan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo