20:57 / 27.02.2025
334

Istanbulda Rossiya va AQSH muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Istanbulda Rossiya va AQSH muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Istanbulda Rossiya va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlardagi “muammoli masalalar” hamda elchixonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha muzokaralar yakunlandi. Uchrashuv deyarli olti yarim soat davom etdi.

Muzokaralar ertalab soat 10:00 ga yaqin Bosfor qirg‘og‘idagi Arnavutköy tumanida joylashgan AQSh bosh konsuli qarorgohida boshlandi. Rossiya delegatsiyasi muzokara hududini Toshkent vaqti bilan soat 18:20 da tark etdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan delegatsiya a’zolari haqida ma’lumot berilmadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi (TIV) vakili Mariya Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, unda Rossiya–AQSh munosabatlari uchun mas’ul diplomatlar qatnashgan. Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muzokaralarda “yuqori martabali diplomatlar va ekspertlar” ishtirok etganini ta’kidladi.

Uchrashuv arafasida Lavrov Rossiya va AQSh munosabatlarining “qanchalik tez va samarali” rivojlanishi mumkinligi haqida fikr bildirgan edi. Muzokaralarda elchixona xodimlari soni, vizalar rasmiylashtirilishi va diplomatlarning ishlashi uchun zarur bo‘lgan bank operatsiyalari kabi masalalar muhokama qilingan.

Turkiyada o‘tgan uchrashuvdan avval Moskva va Vashington o‘rtasida ikkita texnik aloqa o‘rnatilgan edi. Joriy yilning 18 fevral kuni Ar-Riyodda o‘tgan muzokaralarda tomonlar o‘z diplomatik vakolatxonalari faoliyatini tiklash zarurligi bo‘yicha kelishib olgan edi. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va AQSh tez orada Moskva va Vashingtonga elchilar tayinlanishini ta’minlashga kelishib olgan.

Eslatib o‘tamiz, AQShning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari soni 2021 yil aprel oyidan boshlab bosqichma-bosqich qisqartirilgan edi. Bu jarayon Rossiya prezidenti Vladimir Putin “do‘stona bo‘lmagan davlatlar” diplomatlariga cheklovlar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganidan so‘ng boshlangan. Ushbu qarorga javoban AQSh elchixonasi Rossiya fuqarolariga ko‘rsatadigan xizmatlarni qisqartirgan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo