
Xitoy harbiy-dengiz kuchlarining J-15 qiruvchi samolyoti 15 mart kuni o‘quv mashg‘ulotlari paytida qulab tushdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aviatexnika Xaynan provinsiyasidagi ochiq maydonga qulab tushgan. Uchuvchi esa katapulta qilishga muvaffaq bo‘lgan va omon qolgan. Halokat sabablari bo‘yicha tergov boshlangan.
Harbiy-dengiz kuchlari halokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tashkil qilmoqda, deyiladi xabarda.
Hodisa Janubiy Xitoy dengizi hududida sodir bo‘lgan, so‘nggi yillarda ushbu hududdagi bahsli riflar va orollar atrofida Xitoy va Filippin kemalari o‘rtasida qarama-qarshilik bo‘lib o‘tgan. Fevral oyida Filippin qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Xitoy harbiy-dengiz kuchlari vertolyotining xavfli manyovrlarini qoralagan edi.
Xitoyning J-15 qiruvchisi haqida nimalar ma’lum?
Xitoyning Shenyang J-15 paluba qiruvchisi ko‘pincha “Uchar akula” deb ataladi, u Xitoy aviatashuvchilariga asoslangan. Aviatexnika 2013 yilda foydalanishga topshirilgan. Shenyang Aircraft Corporation tomonidan ishlab chiqilgan J-15 qiruvchi samolyoti Sovet Ittifoqining Su-33 samolyoti asosida yaratilgan. 2000 yillar boshida Xitoy Ukrainada prototipni sotib olgan. 2022 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, J-15 samolyoti birligining narxi kamida 61 million dollarni tashkil etadi.
J-15 asl kelib chiqishidan qat’i nazar, takomillashtirilgan avionika, radar tizimlari va qurollar bilan yangilangan bo‘lib, bu uni ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotga aylantiradi.
Ikkita WS-10 dvigateli bilan jihozlangan aviatexnika 1500 kilometrga yaqin jangovar radiusga va 6,5 tonnadan ortiq yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega. U havo-havo, havo-yer va kemaga qarshi raketalar kombinatsiyasini tashiy oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar