
AQSHning Florida shtatida 25 yil avval sodir etilgan jinoyat uchun sudlangan erkakqa nisbatan o‘lim jazosi ijro etildi. Bu haqda UPI axborot agentligi xabar berdi.
Qatl 9 aprel kuni amalga oshirilgan. Jinoyatchi — Maykl Tanzi — Florida shtatidagi Raiford shahrida joylashgan qamoqxonada o‘ldirilgan. Jazo qaysi usulda ijro etilgani rasman aytilmagan. Ammo Floridada, odatda, o‘lim jazosi ineksiya yoki elektr stuli orqali bajariladi.
2000 yildagi qotillik: kitob o‘qiyotgan ayolga hujum
Marhum jinoyati 2000 yilda sodir etgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, Maykl Tanzi 25 aprel kuni Mayamidagi bog‘da furgonida kitob o‘qib o‘tirgan Akosta ismli ayolga hujum qilgan. Avvaliga undan sigaret so‘ragan, so‘ng ayolning yuziga zarba berib, uni mashinasi bilan birga o‘g‘irlab ketgan.
Tanzi uni lezva bilan tahdid qilib, Florida Keys tomon olib ketgan. Yo‘lda arqon bilan bog‘lab, og‘ziga sochiq tiqqan, jinsiy zo‘ravonlik qilgan va bank kartochkasidan pul yechib olgan.
So‘ngra Akostani bo‘g‘ib o‘ldirgan va uning jasadini o‘rmonli hududga tashlab ketgan.
Ikki kunda fosh qilingan qotillik
Ayol yo‘qolganidan so‘ng yaqinlari bu haqda politsiyaga xabar bergan. Oradan ikki kun o‘tgach, Tanzi ayolning furgonini haydab ketayotganida qo‘lga olingan. Uning yonidan Akostaning bank hisobidan pul yechilganiga oid dalillar topilgan.
Tanzi jinoyatni to‘liq tan olgan — politsiyaga jasad qayerga tashlanganini, ishlatilgan skotch va arqon qayerga uloqtirilganini ham ko‘rsatgan.
Sud hukmi va o‘lim jazosining ijrosi
2003 yil 11 aprelda Tanzi birinchi darajali qotillik, avtomobil o‘g‘irlash, odam o‘g‘irlash va qurolli talonchilik moddalari bo‘yicha o‘lim jazosiga hukm qilingan. U barcha apellyatsiya huquqlaridan foydalangan, lekin hukm o‘z kuchida qolgan.
Bolalikdagi og‘riq, kattalikdagi fojea
Mahalliy inson huquqlari tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Tanzi bolaligida jinsiy va jismoniy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan, va bu uning shaxsiy hayotiga og‘ir ta’sir ko‘rsatgan. Yoshligining oxirida o‘z joniga qasd qilishga uringan, va 3 yil o‘tib — qotillik sodir etgan.
Bu yil Floridada uchinchi qatl
Tanzi — 2025 yilda Floridada qatl etilgan uchinchi shaxs. Umuman, shu yil AQSH bo‘ylab 11 ta o‘lim jazosi amalga oshirilgan.
25 yil oldingi qotillik uchun ijro etilgan jazo AQSHda o‘lim jazosi bo‘yicha mavjud qat’iy qonunchilik va uning amaliy tatbiqini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Tanzining shaxsiy fojeasi, og‘ir bolaligi va sodir etgan jinoyati esa inson ruhiyati va adolat o‘rtasidagi murakkab aloqani yana bir bor yoritdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!