AQSHda 13 harbiyni o‘ldirgan sobiq mayor qatl etilishi jonli efirda ko‘rsatiladi

AQSHda 13 harbiyni o‘ldirgan sobiq mayor qatl etilishi jonli efirda ko‘rsatiladi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • 2009-yilda Fort Hud harbiy bazasida 13 nafar amerikalik harbiyni o‘ldirib, 32 nafarini yaralagan sobiq mayor Nidal Malik Hasanning qatl etilishi jonli efirda namoyish etilishi ma’lum qilindi.
  • Bu voqea 3 dekabr kuni aynan mazkur harbiy baza hududida amalga oshiriladi va Hasan 1945-yildan beri AQSH harbiylari tomonidan otib o‘ldiriladigan birinchi mahkumga aylanadi.

2009 yilda AQSHning Fort Hud harbiy bazasida 13 nafar amerikalik harbiyni o‘ldirib, yana 32 nafarini yaralagan Nidal Malik Hasanning qatl etilishi jonli efirda namoyish etilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Nidal Hasan AQSH armiyasining sobiq mayori va psixiatri bo‘lib, u og‘ir jinoyatni Texas shtatidagi Fort Hud harbiy bazasida sodir etgan. Pentagon vakilining ma’lum qilishicha, qatl 3 dekabr kuni aynan mazkur harbiy baza hududida amalga oshiriladi. Hasan 1945 yildan beri AQSH harbiylari tomonidan otib o‘ldiriladigan birinchi mahkumga aylanadi.

56 yoshli Hasanni otib o‘ldirish taklifini AQSH urush vaziri Pit Hegset ilgari surgan. Mamlakat prezidenti Donald Tramp ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Hasan 13 kishini qasddan o‘ldirish va yana 32 nafar insonni o‘ldirishga urinishda aybdor deb topilgan.

Fojiali hodisa 2009 yil 5 noyabr kuni sodir bo‘lgan. O‘sha paytda harbiy xizmatchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tish va emlanish uchun navbat kutayotgan bo‘lgan. Otishma harbiy baza hududidagi tibbiyot binosida yuz bergan va ko‘plab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan.

Hasan o‘z harakatlarini Afg‘onistonda yana odamlar halok bo‘lishining oldini olish istagi bilan izohlagan. Biroq 13 kishining hayotiga zomin bo‘lgan va 32 nafar insonning yaralanishiga sabab bo‘lgan mazkur hujum AQSH harbiy bazasida jangovar harakatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan eng qonli hujum sifatida qayd etilgan.

AQSHda harbiylar uchun o‘lim jazosi qanday qo‘llaniladi?

AQSHda harbiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llashning o‘ziga xos huquqiy tartibi mavjud. AQSH Qurolli Kuchlari apellyatsiya sudi 1983 yilda harbiy sudlarda o‘lim jazosini tayinlashni konstitutsiyaga zid deb topgan edi. Biroq bir yil o‘tib, o‘sha vaqtdagi prezident Ronald Reygan buyrug‘i bilan o‘lim jazosi qayta tiklangan.

Harbiy jinoyatlar uchun tayinlanadigan qatl jazosi fuqarolik sudlari doirasida amalga oshiriladigan qatllardan huquqiy tartibi jihatidan farq qiladi. AQSHda o‘lim jazosi, asosan, shtatlar darajasida ijro etiladi. Hozirda mamlakatning 27 shtatida ushbu jazo turi qonunan saqlanib qolgan.

Nidal Hasan ishi esa AQSHda harbiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash masalasini yana kun tartibiga olib chiqqan holatlardan biri hisoblanadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar