date
views 154

Rim papasi Fransisk 88 yoshida vafot etdi: Vatikanda motam e’lon qilindi

Rim papasi Fransisk 88 yoshida vafot etdi: Vatikanda motam e’lon qilindi
Rim katolik cherkovi rahbari papa Fransisk 2025 yilning 21 aprel kuni ertalab, o‘zining Vatikandagi qarorgohi bo‘lgan Kasa-Santa-Martada hayotdan ko‘z yumdi. U 88 yoshda edi.

Papaning vafoti haqidagi xabarni kardinal Kevin Farrell Vatikan televideniyesi orqali rasman ma’lum qildi.

«Aziz birodar va opa-singillarim, bugun chuqur qayg‘u bilan sevikli va muqaddas otamiz Fransiskning olamdan o‘tganini ma’lum qilishga majburman. Rim yepiskopi, papa Fransisk bugun mahalliy vaqt bilan soat 7:35 da Xudo huzuriga qaytdi. U o‘zining butun hayotini Xudoga va cherkovga xizmat qilishga bag‘ishladi. U bizni Injilning yuksak qadriyatlari bilan, ayniqsa kambag‘allar va jamiyatning chekka qatlamlariga bo‘lgan muhabbat, sadoqat va jasorat bilan yashashga o‘rgatdi», – deyiladi Vatican News portalida berilgan xabarda.

Fransisk (asl ismi Xorxe Mario Bergolio) 2013 yilning mart oyida Rim papasi etib saylangan va katolik cherkov tarixida Lotin Amerikasidan chiqqan ilk rahbar sifatida tarixga kirgan edi. U salomatligi sababli taxtdan voz kechgan Benedikt XVI o‘rniga papa etib tanlangandi.

Papalik davrida Fransisk ijtimoiy adolat, tabiat muhofazasi va kambag‘allar huquqlarini himoya qilishni o‘zining asosiy vazifasi sifatida belgilab, butun dunyoda keng tanilgan va hurmat qozongandi.

2025 yilning fevral oyi o‘rtalarida papa Fransisk bronxit tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik uning ahvoli yomonlashgan, ikki tomonlama pnevmoniya aniqlanib, bir necha marta sun’iy nafas olish apparatiga ulanishiga to‘g‘ri kelgan. Kardinal Janfranko Ravazi papalik vazifalarini bajarish bilan bog‘liq qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Fransisk taxtdan voz kechishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

23 mart kuni papa Fransisk 38 kun davomida shifoxonada muolaja olgandan keyin Vatikanga qaytgan. 20 aprel kuni u Vatikandagi Avliyo Pyotr maydonida yig‘ilgan minglab odamlar oldida so‘nggi marta ko‘rinish berib, ularni Pasxa bayrami bilan samimiy tabriklagan edi.

Papa o‘zining so‘nggi nutqida G‘azo sektorida harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga, garovda saqlanayotgan isroilliklarning ozod qilinishiga hamda G‘azoda yashovchi aholiga insonparvarlik yordami yetkazishga chaqirgan. Shuningdek, u Ukrainada davom etayotgan mojaroga to‘xtalib, barcha tomonlarni «adolatli va mustahkam tinchlikka erishish yo‘lidagi harakatlarni davom ettirish»ga chorlagandi.

Papa Fransiskning vafotidan so‘ng yaqin kunlarda yangi papani saylash uchun Vatikanda an’anaviy konklav chaqirilishi rejalashtirilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rim papasi Fransisk 88 yoshida vafot etdi: Vatikanda motam e’lon qilindi