
Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy mamlakat hududida o‘t ochish to‘liq to‘xtatilganidan keyingina Rossiya bilan har qanday ko‘rinishda muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u jurnalistlar bilan uchrashuv paytida gapirdi.
Prezident Zelenskiy muzokaralar jarayonida hech qanday to‘siq yoki "berk ko‘cha" bo‘lmasligi lozimligini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, Qrim yarimoroli Rossiya tomonidan noqonuniy ravishda bosib olingani va buni tan olmasligini yana bir bor qayd etdi.
«Qrim – bu bizning yerimiz, Ukraina xalqiga tegishli hudud. Bunda boshqa gap bo‘lishi mumkin emas, chunki bu Konstitutsiyamizga ziddir», – deya tushuntirdi Zelenskiy.
Shuningdek, Zelenskiy mamlakatning NATO a’zoligi bo‘yicha faqat alyansga a’zo bo‘lgan davlatlargina veto huquqiga ega ekanini eslatib o‘tdi.
Ukraina rahbari AQSHning tinchlik muzokaralari jarayonidan chiqib ketishi mumkinligi haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirdi.
«Biz Amerika Qo‘shma Shtatlarining yordamidan voz kechishini xohlamaymiz. Bu nafaqat yordam, balki razvedka ma’lumotlari, ballistik hujumlardan himoya va xalqimizning hayoti bilan bog‘liqdir. Menimcha, AQSH kabi strategik hamkorimizdan ayrilishimiz katta yo‘qotish bo‘ladi. Agar Amerika muzokaralardan chiqib ketsa, bu yaxshi alomat bo‘lmaydi. Shu sababli, biz AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina bilan hamkorlikni davom ettirishiga hamda Rossiyaga bosimni kuchaytirishiga ishonamiz», – dedi Vladimir Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, AQSH rahbari Donald Tramp 20 aprel kuni Rossiya va Ukraina «shu hafta ichida» tinchlik kelishuviga erishishiga umid bildirgandi. U yaqin uch kun ichida Ukrainada tinchlikni ta’minlash bo‘yicha rejasini e’lon qilishini ma’lum qildi. Ayrim insayder ma’lumotlarga ko‘ra, reja loyihasida Ukraina o‘z hududining 20 foizini «de-fakto» tarzda Rossiya tomoniga topshirishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Tinchlik rejasida o‘t ochishni nazorat qilish uchun xalqaro tinchlikparvar kuchlarini Ukraina hududiga joylashtirish taklif qilinmoqda. Nazorat ishlari neytral davlatlar vakillaridan tashkil topgan maxsus qo‘shma komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Bungacha Ukraina prezidenti Zelenskiy Rossiya tomoniga mamlakatdagi tinch aholi obyektlariga uzoq masofadan turib zarba berishni 30 kunga to‘xtatish va keyinchalik bu muddatni uzaytirish taklifini ham bildirgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa mazkur taklif o‘rganilishini va bu masalada ikki tomonlama muzokaralar olib borish mumkinligini aytgan.
«Bu masala jiddiy o‘rganishni talab qiladi va uni hal qilish uchun ikki tomonlama muzokaralar formatida ishlash mumkin», degan edi Putin.
Hozirda butun dunyo hamjamiyati Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralarining qanday davom etishini katta qiziqish bilan kuzatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar