
O‘zbekiston Shveysariyadan Gulnora Karimovaning muzlatib qo‘yilgan 131 million dollarlik aktivlarining birinchi qismi hisobidan 95 million dollarni qaytardi. Bu haqda Olmaliq shahridagi matbuot anjumanida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov ma’lum qildi.
Shveysariya hududida musodara qilingan bu noqonuniy mablag‘lar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatdagi sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.
2022 yilning 16 avgustida O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida tegishli bitim imzolangan edi. Ushbu kelishuv doirasida O‘zbekiston, Shveysariya va BMT hamkorligida BMT qoshidagi ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi tarkibida maxsus «Ishonch» jamg‘armasi tashkil etilgan. Uning mablag‘larini boshqarish uchun Strategik qo‘mita va Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi shakllantirilgan.
Birinchi transh bo‘yicha 131 million dollar mablag‘ning qaytarilishi bo‘yicha kelishuv amalga oshirildi. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida mamlakatimizdagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi jami 5841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olindi. Tejalgan mablag‘ evaziga yana 1400 dona tibbiy jihoz keltirilishi rejalashtirilgan.
«Shuningdek, BMT tashkilotlari yordamida 11 ming nafardan ziyod tibbiyot xodimlari malaka oshirdi. Tug‘uruq muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatishning 29 ta milliy protokol va qo‘llanmalari xalqaro standartlarga muvofiq qayta ishlandi», – deyiladi rasmiy xabarda.
Ta’lim sohasidagi ishlar «Ishonch» jamg‘armasi orqali ikki asosiy yo‘nalishda amalga oshirilmoqda.
«Birinchi yo‘nalish – axborot texnologiyalari va raqamli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish. Ikkinchi yo‘nalish doirasida esa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda maktablarda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash, isitish tizimlarini modernizatsiya qilish hamda ta’lim muassasalarini boshqarishga jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda», – deyiladi xabarda.
Vazirlik Shveysariya hududida musodara qilingan mablag‘larning O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida ishlatilishiga hissa qo‘shayotgan barcha xalqaro tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – 30 oy davomida mamlakatda 600 ming nafardan ziyod ayol va chaqaloqni qamrab olish hamda kam vaznli chaqaloqlarning tirik qolish darajasini 75 foizdan 90 foizga oshirishdir. Bu loyiha uchun Karimovadan musodara qilingan mablag‘lardan 43,2 million dollar ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, BMTning Uzbekistan Vision 2030 ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi 2022 yil yozida Karimovaning Shveysariyadagi jinoiy aktivlarini qaytarish maqsadida tashkil qilingan edi. O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi restitutsiya kelishuviga ko‘ra, ushbu mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga sarflanadi hamda Shveysariya va BMT nazorati ostida bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar