date
views 461

Dmitriy Medvedev: «Dunyo Uchinchi jahon urushi yoqasida turibdi»

Dmitriy Medvedev: «Dunyo Uchinchi jahon urushi yoqasida turibdi»
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev insoniyat hozir Uchinchi jahon urushi xavfi bilan yuzma-yuz ekanini ta’kidladi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.

Medvedevning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan davlat rahbarlarini, xususan, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish bo‘yicha chiqarilgan orderlar dunyodagi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

«Hozir xalqaro hamjamiyat juda keskin ravishda ikki tomonga bo‘lingan. Shunday bir sharoitda, XJSning chiqargan qarorlari vaziyatni keskinlashtirib, global xavf-xatarlarni kuchaytirmoqda. Bunday vaziyat yuzaga kelganida, XJSning ayrim mas’ul shaxslari ham insoniyat oldida javobgardir», — deydi Medvedev «Pravovedeniye» jurnalidagi maqolasida.

Uning fikricha, BRIKS tashkiloti doirasida Xalqaro jinoiy sudga muqobil bo‘lgan xalqaro huquqiy tashkilotni tashkil etish lozim. Medvedev bunday yangi organ BRIKSga a’zo davlatlarning BMT Nizomi tamoyillariga sodiqligini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. Ushbu tamoyillar davlat rahbarlarining daxlsizligi va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslikni kafolatlaydi.

Shu bilan birga, siyosatchi odamlarni doimo adolat g‘oyasi va jinoyatchi rahbarlarni javobgarlikka tortish istagi birlashtirganini ta’kidladi. «Biroq, bu adolat har doim ham to‘g‘ri ko‘rinishda namoyon bo‘lavermaydi, hatto Xalqaro jinoiy sudda ham», — deya xulosa qiladi Medvedev.

Putinni hibsga olish masalasi

2023 yil mart oyida Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order chiqargan edi. Ular Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda olib chiqishda ayblanmoqda. Kreml esa ushbu qarorni tan olmasligini bildirgan. AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Jo Bayden bu qarorni asosli deb baholagandi.

Netanyaxu va Galantga order

2023 yil noyabr oyida esa Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Yoav Galantga ham order chiqargan. Bu ikki siyosatchi 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha G‘azoda sodir etilgan harbiy jinoyatlarda ayblangan. Isroil hukumati ushbu qarorni adolatsiz va kamsituvchi deb baholagan, Yevropa komissiyasi rahbarining o‘rinbosari Jozep Borrel esa qarorni majburiy deb ta’kidlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dmitriy Medvedev: «Dunyo Uchinchi jahon urushi yoqasida turibdi»