Nega yuzlab o‘zbekistonliklarning Gruziyaga kirishi rad etildi?

Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida Gruziyaga kirishi rad etilgan 711 nafar xorijlikning 473 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning qariyb 67 foizini tashkil etadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kirishga ruxsat berilmasligining asosiy sabablari orasida safar maqsadini aniq tushuntira olmaslik, mehmonxona bronlari va qaytish aviachiptasi kabi hujjatlarning yo‘qligi, tibbiy sug‘urta polisini taqdim etmaslik hamda mamlakatda yashash uchun yetarli mablag‘ borligini tasdiqlay olmaslik bor.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1 yanvardan Gruziyaga turistik maqsadda boruvchi xorijliklar uchun majburiy tibbiy sug‘urta talabi joriy etilgan. Sug‘urta polisi gruzin yoki ingliz tilida, qog‘oz yoki elektron shaklda bo‘lishi mumkin. Uning qoplama summasi kamida 30 ming Gruziya larisi (taxminan 11,2 ming dollar) bo‘lishi va safarning butun muddatini qamrab olishi lozim.
Shu sababli Gruziyaga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga safar maqsadini oldindan belgilash, mehmonxona bronlari, qaytish chiptasi, tibbiy sug‘urta va yetarli mablag‘ni tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlash tavsiya etilmoqda.































Izohlar 0
…