date
views 917

FXX Rossiya generalining o‘limiga gumonlanuvchi shaxsni qo‘lga oldi: voqea tafsilotlari oshkor qilindi

FXX Rossiya generalining o‘limiga gumonlanuvchi shaxsni qo‘lga oldi: voqea tafsilotlari oshkor qilindi
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabi operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Yaroslav Moskalikning o‘limi bilan bog‘liq holatda gumonlanuvchi shaxsni ushladi. Qo‘lga olingan shaxs 42 yoshli Ignat Kuzin bo‘lib, u Ukraina maxsus xizmatlarining agenti sifatida ko‘rsatilmoqda.

Rossiya maxsus xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, Kuzin Moskalik foydalangan Volkswagen Golf avtomobiliga portlovchi qurilmani joylagan. Bu portlovchi moslama Moskva viloyatidagi yashirin nuqtadan olingan bo‘lib, uning portlatilishi masofadan turib Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan. Mazkur voqea 25 aprel kuni ertalab sodir bo‘lgan, natijada general-leytenant Moskalik joyida halok bo‘lgan.

FXXning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi shaxs Ukrainada yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. U tergov jarayonlarini o‘tkazish uchun Rossiya Tergov qo‘mitasiga olib borilgan. Kuzinga nisbatan terrorchilik harakatini amalga oshirish va noqonuniy portlovchi moddalar saqlash moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilishi mumkin va unga umrbod qamoq jazosi xavf solmoqda.

TASS axborot agentligining manbasiga ko‘ra, Ignat Kuzin Istanbul shahrida, Moskvadan samolyotda uchib kelgan paytida ushlangan. Ammo uning Rossiyaga olib kelinishi qanday yo‘l bilan amalga oshirilgani haqida aniq ma’lumot berilmagan.

FXX tomonidan e’lon qilingan videoda Ignat Kuzin Kiyev viloyatida 2023 yilning aprelida Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollanganini tan olgan. U o‘z so‘zlarida «Vadim» ismli kurator topshirig‘i bilan Moskvaga kelganini, unga yashirin joy koordinatlari berilganini va shu joydan kuzatuv kameralari hamda mashinaga o‘rnatiladigan bomba olib kelganini ma’lum qilgan. Kuzinning ta’kidlashicha, portlashni aynan kurator Ukrainaning o‘zidan turib amalga oshirgan.

«Vot Tak» nashrining ma’lum qilishicha, Ignat Kuzin Rossiyada tavallud topgan bo‘lib, keyinchalik uzoq vaqt Ukraina hududida yashagan. Mash' nashrining yozishicha, 2014 yildan so‘ng Kuzin muntazam ravishda Rossiyaga ishlash uchun kelib turgan va hatto Mariupoldagi mashhur «Azovstal» zavodida ham faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, general-leytenant Yaroslav Moskalikning o‘limiga olib kelgan avtomobil porlashi 25 aprel kuni Moskva viloyatidagi Balashixa shahrida sodir bo‘lgan edi. U Rossiya armiyasida qariyb 40 yillik tajribaga ega bo‘lib, 2015 yilda Ukraina bilan muzokaralarda ishtirok etgan, shuningdek, Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyalariga bag‘ishlangan mavzularda muhim bayonotlar bergan. Hozirda voqea yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » FXX Rossiya generalining o‘limiga gumonlanuvchi shaxsni qo‘lga oldi: voqea tafsilotlari oshkor qilindi