
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Italiyaga amaliy tashrifi davomida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qilib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi vaqtinchalik yarashuv muddatini uzaytirish va uni uzoq muddatli tinchlik kelishuviga aylantirish zarurligi haqida gapirdi.
Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, Turkiya harbiy harakatlar boshlangan ilk kundanoq, Moskva va Kiyev o‘rtasida adolatli hamda barqaror sulhni ta’minlash tarafdori bo‘lib kelmoqda.
«Biz uzoq muddatli va barqaror tinchlikdan hech qachon umid uzmadik. Hatto eng keskin va qattiq jangu jadallar davom etgan vaqtda ham, Anqara taraflarni muloqot stoli atrofiga to‘plashga va o‘zaro tinchlik so‘zlashuvlarini qaytadan boshlashga da’vat etdi», — dedi Turkiya prezidenti.
Shu bilan birga, Erdo‘g‘on sulh jarayonining eng nozik bosqichlarida vaziyat o‘ta sezgir bo‘lishini va bu holatdan turli fitnalar va tashqi aralashuvlar uchun foydalanish mumkinligidan ogohlantirdi.
«Bu jarayonning "zaharlanishi"ga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Rossiya va Ukraina tinchlik masalasiga haqiqiy va samimiy yondashuv ko‘rsatishi zarur. Urush nihoyat yakunlanishi lozim, chunki bu nafaqat ikki mamlakat uchun, balki butun dunyo xavfsizligi uchun juda muhim ahamiyatga ega», — dedi siyosatchi.
Turkiya rahbarining fikricha, ushbu urushdan eng katta zarar ko‘rgan tomonlar Rossiya va Ukrainaning o‘zidir.
«Adolatli tinchlik o‘rnatilganda yutqazgan tomon bo‘lmaydi. Ishonchli va uzoq muddatli tinchlik istiqbollari uchun Moskva va Kiyev o‘zaro ishonch muhitini yaratish bo‘yicha aniq qadamlar qo‘yishi zarur. Turkiya esa o‘z navbatida bu jarayonga faol hissa qo‘shishda davom etadi», — deya qayd etdi Erdo‘g‘on.
Shuningdek, siyosatchi Kipr masalasiga ham to‘xtalib o‘tib, oroldagi vaziyatni faqat ikki suveren davlatning mavjudligini tan olish orqali hal qilish mumkinligiga urg‘u berdi.
«Anqara Shimoliy Kipr Turk Respublikasini xalqaro miqyosda tan olish uchun harakatlarni kuchaytirishda davom etadi. O‘ylaymanki, butun turkiy dunyo oroldagi birodarlarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», — dedi Turkiya rahbari.
Suhbat davomida Erdo‘g‘on Suriyadagi mavjud vaziyat haqida ham o‘z munosabatini bildirdi va mamlakat uchun eng katta tahdid hali ham terrorchilik tashkilotlari bo‘lib qolayotganini qayd etdi. U Suriyani federativ davlatga aylantirish bo‘yicha takliflarni «xomxayol va reallikdan uzoq bo‘lgan fikrlar» sifatida baholadi.
Turkiya PrezidentiRossiya UkrainaTinchlik JarayoniHarbiy HarakatlarAnqara MuloqotiKipr Masalasi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar