date
views 20

Qozog‘iston xorijlik investorlar uchun "oltin viza" dasturini ishga tushirdi

Qozog‘iston xorijlik investorlar uchun "oltin viza" dasturini ishga tushirdi
Qozog‘iston Respublikasi xorijlik investorlarni jalb qilish va mamlakatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash maqsadida "oltin viza" nomli yangi dasturni joriy qildi. Bu haqida mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, endi chet el fuqarolari Qozog‘iston hududidagi kompaniyalar ustav kapitaliga yoki mahalliy emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarga kamida 300 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali mazkur vizani olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur viza evaziga ular Qozog‘istonda 10 yilgacha yashash huquqiga ega bo‘ladilar.

Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi – xorijiy investitsiyalar uchun qulay, ishonchli va shaffof muhit yaratish, shu orqali mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha sarmoya kiritish hamda respublikada investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashdir. Qayd etilishicha, Qozog‘iston ushbu yangilikni joriy qilish orqali AQSH, Yevropa ittifoqi va BAA kabi davlatlardan tajriba olgan holda o‘z iqtisodiy taraqqiyotini yanada tezlashtirishni ko‘zlamoqda.

Tashqi ishlar vazirligi mazkur yangilik mamlakatning ochiqlik, sarmoyani himoya qilish va barqaror xalqaro iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan strategik qadam ekanligini ta’kidladi.

"Oltin viza" dasturi 30 aprel kuni rasman e’lon qilindi va joriy yilning 10 mayidan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonda ham shu kabi taklif joriy qilinmoqda. Unga ko‘ra, xorijliklar mamlakat iqtisodiyotiga kamida 200 ming AQSH dollari sarmoya kiritish orqali 5 yilgacha O‘zbekistonda yashash huquqiga ega bo‘lishlari mumkin. Bu tartib O‘zbekistonda shu yilning 1 iyunidan boshlab kuchga kirishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston xorijlik investorlar uchun "oltin viza" dasturini ishga tushirdi