date
views 106

Shveysariyada qo‘shnisining mushugiga ovqat bergan ayol sudda javobgarlikka tortildi

Shveysariyada qo‘shnisining mushugiga ovqat bergan ayol sudda javobgarlikka tortildi
Shveysariyaning Syurix shahrida yashovchi 68 yoshli ayol o‘z qo‘shnisining uy hayvonini muntazam ravishda oziqlantirgani sababli sud oldida javob bermoqda. Bu haqda Swissinfo nashri xabar tarqatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, qariya 10 oy mobaynida qo‘shnisining Leo nomli mushugiga muntazam ravishda ovqat berib, uni o‘z uyiga kiritib turgan. Hatto mushuk bemalol kirib-chiqishi uchun ayol o‘z uyiga maxsus eshik ham o‘rnattirgan.

Mushukning haqiqiy egalari bir necha bor ayoldan Leoga ovqat bermaslikni talab qilishgan. Biroq bu talablarga qaramay, mushuk ayolning uyiga tez-tez kelib turavergan va keyinchalik o‘z egalarining uyiga deyarli qaytmas bo‘lib qolgan. Shu sababli hayvon egalari 68 yoshli ayolni mushukni noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olganlikda ayblashgan.

Syurix prokuraturasi ushbu masalada ayolga nisbatan 3600 Shveysariya franki (taxminan 4300 AQSH dollari) miqdorida jarima belgilash hamda qo‘shimcha ravishda 800 frank undirish talabini ilgari surgan. Biroq, ayol prokuraturaning qaroriga rozi bo‘lmagan va ish sudga oshirilgan.

Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra, uy hayvonlari shaxsiy mulk sifatida tan olinadi va o‘zgalarning uy hayvonlarini doimiy ravishda oziqlantirish qonunbuzarlik hisoblanadi. Bu kabi harakatlar jarima yoki boshqa jazo choralarini ko‘zda tutadi.

Hozirda mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Ish yakuni bo‘yicha chiqariladigan qaror mamlakatda kelajakda ham bunday vaziyatlarda muhim pretsedent bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shveysariyada qo‘shnisining mushugiga ovqat bergan ayol sudda javobgarlikka tortildi