date
views 101

Germaniyada “soxta qirol” hibsga olindi: ekstremistlar parallel davlat qurmoqchi bo‘lgan

Germaniyada “soxta qirol” hibsga olindi: ekstremistlar parallel davlat qurmoqchi bo‘lgan
Germaniya Federativ Respublikasida “Germaniya Qirolligi” nomli ayirmachi ekstremistik tashkilot faoliyati taqiqlanib, uning rahbari — o‘zini monarx deb e’lon qilgan Peter Fitzek qo‘lga olindi. Bu haqda Politico nashri Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindtga tayanib xabar tarqatdi.

Vazirning ma’lum qilishicha, mazkur tashkilot a’zolari Germaniya hududida o‘zlarining alohida parallel davlatini tashkil qilib, noqonuniy moliyaviy amaliyotlar bilan shug‘ullangan. Germaniya huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan maxsus reyd natijasida tashkilotning to‘rt nafar asosiy yetakchisi qo‘lga olingan. Ular orasida o‘zini “qirol Peter I” sifatida tanishtirgan soxta monarx Peter Fitzek ham bor.

Aleksandr Dobrindt aytishicha, ushbu guruh o‘zining hokimiyatga bo‘lgan da’volarini antisemitik fitna nazariyalari bilan asoslagan va mamlakatning konstitutsion tuzumiga qarshi chiqib kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Peter Fitzek 2012 yilda ushbu tashkilotni asos solgan bo‘lib, o‘zi avval oshpaz va karate murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan. Hozirgi kunda “Germaniya Qirolligi” harakati 6 ming nafarga yaqin tarafdorga ega bo‘lib, reyxsbyurgerlar orasida eng yirik guruh hisoblanadi.

Germaniyaning reyxsbyurger harakati taxminan 20 ming nafar a’zodan iborat bo‘lib, ular zamonaviy Germaniya Federativ Respublikasining qonuniyligini tan olmaydi. Ular o‘zlarini tarixiy “nemis reyxi”ning fuqarolari deb hisoblaydi va monarxistik, ksenofobik hamda antisemitik g‘oyalarga amal qiladi.

Ekspertlarning fikricha, bunday ekstremistik harakatlar mamlakat xavfsizligi uchun jiddiy tahdid sanaladi. Shu bois, Germaniya hukumati reyxsbyurgerlarning faoliyatini doimiy kuzatib, ekstremistik guruhlarga qarshi keskin chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda va qo‘shimcha ma’lumotlar tez orada e’lon qilinishi kutilmoqda.

Foto: Getty Images
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada “soxta qirol” hibsga olindi: ekstremistlar parallel davlat qurmoqchi bo‘lgan