
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif so‘nggi geosiyosiy taranglik fonida jamoatchilikka murojaat qildi. U Hindistonga qarshi o‘tkazilgan operatsiyani muvaffaqiyatli, deb baholar ekan, mamlakatining har doim tinchlik tarafdori ekanini alohida ta’kidladi.
“Biz dushmanga unutilmas saboq berdik. Lekin shunga qaramay, agressiyani qoralaymiz va doim tinchlikni afzal ko‘ramiz. Mintaqamiz ham boshqalar kabi rivojlangan va tinch bo‘lishini istaymiz. Buni esa tinchliksevar qo‘shnichilik va uzluksiz diplomatik harakatlar bilangina amalga oshirish mumkin”, — dedi Sharif o‘z bayonotida.
“Urushlardan naf yo‘q, yechim — hamkorlikda”
Bosh vazir o‘z nutqida Kashmir masalasiga ham to‘xtalib, uning yechimi mintaqaviy barqarorlik uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Biz uchta urushni boshdan kechirdik, lekin real natijaga erishmadik. Endilikda eski yo‘llar bilan emas, yangi yondashuv — muloqot va hamkorlik orqali muammolarni bartaraf etish vaqti keldi”, — dedi u.
Sharif o‘z nutqida Hindiston Pokiston tomonidan taklif etilgan xalqaro tergovni rad etganini ham tanqid qildi. “Aynan shu holat bizga 9 maydan 10 mayga o‘tar kechasi keskin qaror qabul qilishga majbur qildi”, — dedi u.
“Javob berish kerak edi – va berdik”
Pokiston bosh vazirining ta’kidlashicha, 10 may tonggi soat 02:30 da Bosh shtab rahbari unga Hindiston Pokiston hududini ballistik raketa bilan urgani haqida xabar bergan. “U menga: 'Janob bosh vazir, dushmanga hech qachon unutmaydigan javob qaytarish vaqti keldi', dedi”, — deya esladi Sharif.
Shu kechayoq Pokiston qo‘shinlari javob zarbasini yo‘lga qo‘ygan va tez orada Hindiston tomonidan otashkesim bo‘yicha taklif kelgan. “Bosh shtab rahbari menga: 'Maqsadga erishdik, endi ular sulh so‘rayapti', dedi. Men esa: 'Dushman qiynalib, o‘zi tinchlik so‘rasa, bundan yaxshi natija bo‘ladimi?' deb javob berdim”, — dedi Sharif.
Zamin.uz tahririyatidan:
Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi navbatdagi qarama-qarshilik va unga berilgan javoblar Janubiy Osiyodagi murakkab xavfsizlik muvozanatiga yana bir bor e’tibor qaratishga sabab bo‘ldi. Shahboz Sharifning bir tomondan jasur, ikkinchi tomondan tinchlikka chaqiruvchi bayonotlari esa mintaqaviy diplomatiya uchun muhim signal hisoblanadi.
Siz bu voqealarni qanday baholaysiz? Tinchlikka eltuvchi yo‘l — kuch bilan emas, muloqot bilan emasmi?
Pokiston Bosh VaziriHindiston MurojaatiGeosiyosiy TaranglikTinchlik TarafdoriMintaqaviy BarqarorlikJavob ZarbalariUrushlar YechimiMuloqot va HamkorlikTinchliksevar Qo‘shnichilik O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar