date
views 162

Xitoylik olimlar dronlar yordamida sun’iy yomg‘ir yog‘dirdi

Xitoylik olimlar dronlar yordamida sun’iy yomg‘ir yog‘dirdi
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida juda muhim ilmiy tajriba amalga oshirildi — mahalliy olimlar dronlar yordamida sun’iy yomg‘ir hosil qilishga erishishdi. Ushbu innovatsion tajriba 70 ming kub metrlik yog‘ingarchilikni keltirib chiqardi — bu miqdor taxminan 30 ta Olimpiya standartlaridagi basseynga teng.

Kimyoviy ta’sir bilan keltirilgan yomg‘ir

Xitoy olimlari bulutlarga ta’sir o‘tkazish uchun kumush yodid moddasidan foydalanishdi. Tajriba Tyan-Shan tog‘lari etigida joylashgan Bayanbuloq yaylovlari ustida olib borildi. Dronlar 5 ming metr balandlikda harakatlangan va har biri 125 grammlik kukun shaklidagi kumush yodidni soniyasiga 28 gramm tezlikda havoga purkagan. Umumiy sarf — 997 grammni tashkil etgan.

Kam miqdordagi moddaga qaramasdan, olimlar 8 ming kvadrat kilometr maydonda qo‘shimcha yog‘ingarchilik kuzatilishini qayd etishdi. Bu hosil qilingan yomg‘irning hajmi va ta’sir hududi bo‘yicha kutilgan natijalardan ancha yuqori bo‘lgan.

Texnologiya va ekologik samara

Bu ishlar Xitoy Meteorologiya boshqarmasiga qarashli Bulutlarni modifikatsiya qilish fizika laboratoriyasi hamda Shinjondagi ob-havoni o‘zgartirish markazi tomonidan o‘tkazilgan. Yog‘ingarchilikning ortgan miqdori uch xil yo‘l bilan baholandi: yomg‘ir tomchilari sensorlari, 50 yillik iqlim ma’lumotlari bilan taqqoslash va kompyuter modellashtirish. Har uchala usul ham natijaning 3.8–4.3% atrofida oshganini ko‘rsatdi.

Kumush yodiddan foydalanish ilk bor XX asr o‘rtasida qo‘llanilgan bo‘lsa-da, bugun dronlar yordamida bajarish texnologiyaning aniqligi va xavfsizligini sezilarli darajada oshirmoqda.

Qishloq xo‘jaligi va suv xavfsizligi uchun yangi yechim

Tadqiqot mualliflaridan biri Li Binning ta’kidlashicha, bu tajriba qurg‘oqchilikka qarshi kurashishda va iqlim o‘zgarishlariga moslashishda katta imkoniyat yaratib berishi mumkin. Shinjon kabi yog‘ingarchiligi past hududlar uchun bu texnologiya suv ta’minoti va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim vositaga aylanishi kutilmoqda.

Zamin.uz tahririyatidan:
Xitoy olimlari dronlar orqali osmonga ta’sir ko‘rsatish orqali tabiatni o‘zgartirish sohasida yana bir inqilobiy qadam tashladi. Ushbu texnologiya kelajakda butun dunyoda qurg‘oqchilik va ob-havo o‘zgarishlariga qarshi kurashda muhim vositaga aylanishi mumkin. Siz bu tajriba haqida qanday fikrdasiz?

Siz bulutlarga dron orqali ta’sir qilishni qo‘llab-quvvatlaysizmi?

Foto: Ianed
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoylik olimlar dronlar yordamida sun’iy yomg‘ir yog‘dirdi