date
views 336

Go‘zallik tanlovi g‘olibasi soxta reklama uchun qamaldi

Go‘zallik tanlovi g‘olibasi soxta reklama uchun qamaldi
Vetnamda ijtimoiy tarmoqlardagi eng mashhur inflyuyenserlardan biri, Miss Grand International-2021 g‘olibasi Nguyen Thuk Thuy Ten iste’molchilarni adashtirgani uchun hibsga olindi. BBC nashrining yozishicha, u noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida biologik faol qo‘shimchalarni ommaviy targ‘ib qilgan.

Mutaxassislar va fuqarolarning shikoyatlariga ko‘ra, u faol reklama qilgan “Kera Supergreens” nomli pastilka (chaynaladigan konfet)larning tarkibi reklamada aytilayotgandek boy emasligi ma’lum bo‘ldi.

Nguyen bu mahsulotlarni o‘simlik tolalariga boy deb targ‘ib qilgan va har bir donasi “bir nechta sabzavot yeganga teng” deb da’vo qilgan. Ammo mustaqil laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra, pastilkaning har biri atigi 16 mg tolani o‘z ichiga olgan — reklamada ko‘rsatilgan 200 mg o‘rniga.

Qolaversa, mahsulot tarkibida og‘riq va diareya chaqirishi mumkin bo‘lgan sorbit moddasi me’yordan ancha yuqori bo‘lgan, ammo bu haqda qadoqda hech qanday ogohlantirish berilmagan.

Ishlab chiqarishda sifati shubhali komponentlar ishlatilgani, qo‘shimcha ravishda mahsulot tarkibi haqida yetarli axborot berilmagani ham tahlilchilar tomonidan qayd etilgan.

Tergov natijalariga ko‘ra, bu “Kera Supergreens” qo‘shimchasi Nguyen va uning ikki sherigi asos solgan kompaniyaga tegishli ekani aniqlandi. Mart oyida inflyuyenser jamoatchilikdan kechirim so‘rab, jarimaga tortilgan bo‘lsa-da, hozirda unga nisbatan jinoiy ish ochildi.

Ahamiyatlisi, mojaro boshlanguncha 100 mingdan ortiq quti mahsulot sotilgan.

Nguyen Thuk Thuy Ten Vetnamda nafaqat go‘zallik tanlovi g‘olibasi, balki ko‘plab teleshoularda ishtirok etgan mashhur shaxs sifatida tanilgan. U mamlakat rahbariyati tomonidan bir necha marta rag‘batlantirilgan va mahalliy brendlarning yuziga aylangan edi.

Zamin.uz tahririyati ushbu voqea ortidan kosmetika va bioqo‘shimchalar bozorida shaffoflik va fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalari yanada dolzarb tus olayotganini qayd etadi. Siz bu kabi soxta reklama va mahsulotlar haqida qanday fikrdasiz?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Go‘zallik tanlovi g‘olibasi soxta reklama uchun qamaldi