date
views 512

Moskvadan qochgan amerikalik Tater sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi

Moskvadan qochgan amerikalik Tater sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi
Rossiyada qo‘lga olinib, sud hukmi bilan majburiy ravishda psixiatriya shifoxonasiga joylashtirilgan AQSH fuqarosi Jozef Tater endilikda Rossiya hududini tark etgani haqida xabar berilmoqda. Bu haqda 6 iyun kuni TASS agentligi huquq-tartibot organlaridagi manbalariga tayanib yozdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tater Moskvadagi N.A.Alekseyev nomidagi psixiatriya klinikasida saqlanayotgan edi. Shifokorlar uni ushlab turish uchun tibbiy asos topilmaganini ta’kidlab, uni ambulator nazorat asosida shifoxonadan chiqarishga qaror qilishgan. Ammo eng hayratlanarlisi — u sud qarori bilan davolanishga yuborilgan muassasani qandaydir tarzda tark etgan va hozirda qayerda ekani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

TASS manbalariga ko‘ra, Tater Rossiya Federatsiyasini tark etgan. Bu holat rasmiy organlar uchun ham kutilmagan hol bo‘lgan ko‘rinadi. Uning advokati Polina Vlasyuk ommaviy axborot vositalariga bergan izohida “bunday voqeadan umuman bexabar ekanini” ma’lum qilgan.

46 yoshli Jozef Tater 2024 yil avgustida Moskvada Radisson Blu Olympiyskiy mehmonxonasida yuzaga kelgan voqea ortidan qo‘lga olingan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u mehmonxonaga kirish paytida xodimlar bilan janjal chiqargan va keyinchalik uni to‘xtatish uchun yetib kelgan politsiya xodimiga zo‘ravonlik bilan qarshilik ko‘rsatgan. Shu asosda unga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 318-moddasi 1-qismi — “hukumat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash” aybi qo‘yilgan edi.

2024 yil may oyida Reuters agentligi tomonidan e’lon qilingan hisobotda, Rossiyada turli jinoyatlarda ayblangan va AQSH tomonidan qaytarilishi mumkin bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatida Taterning nomi ham bor edi. AQSH va Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy “almashinuv” doirasida u qaytarilishi mumkin bo‘lgan shaxslardan biri sifatida ko‘rilgan.

Hozirda Taterning aniq qayerga ketgani, qanday tarzda mamlakatdan chiqib ketgani va u bundan keyin qaysi davlatda yurishi mumkinligi haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas. Bu holat Rossiya huquq-tartibot organlari faoliyati, sud va tibbiyot muassasalaridagi nazorat tizimiga jiddiy savollar tug‘dirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Moskvadan qochgan amerikalik Tater sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi