
15 iyunga o‘tar kechasi Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada izidan chiqdi — Isroil va Eron o‘rtasida keskin to‘qnashuv avj oldi. Har ikki tomon ham raketa va dron zarbalari bilan bir-birini nishonga olgani haqida rasmiy axborot tarqatdi. Eron davlat televideniyesi ma’lumotiga ko‘ra, bu kecha davomida 100 dan ortiq raketa va turli dronlar uchirildi, asosiy nishonlar sifatida Isroilning Tel-Aviv va Hayfa shaharlari tanlangan.
Isroil mudofaa armiyasi ham ayni paytda raketa hujumi qayd etilganini va mamlakat bo‘ylab xavfsizlik sirenalari ishga tushganini bildirdi. Havo trevogasi nafaqat Isroil shaharlarida, balki qo‘shni Iordaniya poytaxti Oman shahrida ham yangradi. Hujum boshlanganidan keyin bir soat o‘tib, Isroil armiyasi frontorti qo‘mondonligi aholiga boshpanalarni tark etishga ruxsat berdi — bu vaziyatning jiddiyligidan darak beradi.
Turar joy binolari vayron bo‘ldi, qurbonlar soni ortmoqda

CNN telekanali Isroil yong‘in-qutqaruv xizmatidagi manbaga tayanib, mamlakat markazidagi ko‘plab turar joy binolari Eron zarbalari oqibatida jiddiy shikastlanganini ma’lum qildi. Ayniqsa, Dan shahridagi sakkiz qavatli bino va shu hududdagi yana bir ko‘p qavatli uyga katta zarar yetgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, G‘arbiy Galiley hududidagi ikki qavatli uyga zarba berish oqibatida 20-30 yoshlar oralig‘idagi bir ayol halok bo‘lgan, yana yetti kishi shifoxonaga olib borilgan.
Mahalliy axborot agentliklarining xabar berishicha, Eron tomonidan zarbalar ikki to‘lqinda amalga oshirilgan va Hayfa shahri o‘qqa tutilishi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 20 kishi turli jarohatlar olgan. Yahudiya tog‘oldi hududida esa 24 kishi jarohatlangan. Tel-Avivda ham vaziyat jiddiy — 65 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, ularning uch nafari og‘ir ahvolda, 5 nafarining ahvoli o‘rta og‘ir, qolganlari yengil jarohat olgan.
Shfela hududida esa yana 28 kishi jarohatlangani ma’lum qilindi.
Jahon hamjamiyati tashvishda
Mazkur voqealar zamirida Yaqin Sharqdagi murakkab geosiyosiy vaziyat va mintaqaviy qarama-qarshiliklar yotadi. Bir kecha davomida yuz bergan ushbu hujumlar nafaqat qurbonlar va vayrona binolarga, balki minglab insonlarning tinchligiga ham jiddiy tahdid solmoqda. Jahon hamjamiyati bu mojaroning yanada kengayishi va yangi qurbonlarga olib kelmasligini umid qiladi.
Vaziyat rivoji va rasmiylarning yangi bayonotlari esa keyingi soatlarda Yaqin Sharqdagi vaziyat qanday tus olishini belgilab beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar