date

Xitoydan Eronga uchgan radarlarga ko‘rinmaydigan samolyotlar nima tashimoqda?

Xitoydan Eronga uchgan radarlarga ko‘rinmaydigan samolyotlar nima tashimoqda?
So‘nggi kunlarda Xitoydan Eronga uchib ketgan sirli yuk samolyotlari xalqaro havo kengliklarida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Britaniyaning nufuzli The Telegraph nashrining yozishicha, 14–16 iyun kunlari havoga ko‘tarilgan Boeing 747 turidagi yuk samolyotlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston ustidan o‘tib, Eronga yaqinlashgan paytda radarlardan yo‘qolib qolgan.

Ayni vaqtda parvoz rejalarida bu havo kemalarining oxirgi manzili Luksemburg sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ularning Yevropa hududiga yetib bormaganligi taxmin qilinmoqda. Bu holat mutaxassislar orasida jiddiy shubhalar uyg‘otmoqda.

Aviatsiya ekspertlarining ta’kidlashicha, Boeing 747 turidagi yuk samolyotlari odatda harbiy jihozlar, texnika va qurol-aslahalarni tashishda foydalaniladi. Bu esa ushbu parvozlarning maqsadi faqat iqtisodiy emasligini ko‘rsatadi.

Angliyaning Ekseter universiteti tadqiqotchisi Andrea Gizelli ta’kidlaganidek, Xitoyning bu harakatlari bevosita geosiyosiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. “Eron rejimidagi har qanday beqarorlik Pekinning Yaqin Sharqdagi iqtisodiy va energetika strategiyasiga jiddiy tahdid soladi. Shu bois, Xitoydan kelayotgan yordamlar tasodifiy emas”, – dedi u.

Bu fikrni Isroilning Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti vakili Tuviya Gering ham qo‘llab-quvvatladi. Uning aytishicha, Pekin tomonidan Tehronga harbiy maqsadlarda foydalaniladigan materiallar yetkazib berilishi ehtimoldan xoli emas.

Shu bilan birga, samolyotlarning radarlardan yo‘qolishi eng katta shubhani keltirib chiqarmoqda. Chunki bu kabi harakatlar odatda maxfiy va katta miqyosli operatsiyalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Xalqaro tahlilchilar Xitoy va Eron o‘rtasidagi bunday aloqalarning quyi oqibatlarini ham baholay boshladi.

Ayni paytda, ushbu harakatlar Yaqin Sharqdagi tinchlik muvozanatiga qanday ta’sir o‘tkazishi, shuningdek, AQSH va Isroilning ehtimoliy javob choralari qanday bo‘lishi mumkinligi ham dolzarb savollar sifatida kun tartibiga chiqdi.

Kelgusi kunlarda bu sirli parvozlarga rasmiy bayonotlar bo‘ladimi yoki yo‘q – buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo ma’lum bir narsa aniq: Xitoy va Eron o‘rtasidagi har qanday maxfiy hamkorlik butun mintaqaning taqdiriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoydan Eronga uchgan radarlarga ko‘rinmaydigan samolyotlar nima tashimoqda?