date

Tramp “GENIUS” bilan AQSHda steyblkoinlar uchun yangi davr boshladi

Tramp “GENIUS” bilan AQSHda steyblkoinlar uchun yangi davr boshladi
Amerika kripto bozorida tarixiy burilish: AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatda steyblkoinlar innovatsiyasi va boshqaruvi bo‘yicha “GENIUS” qonunini rasman imzoladi, deb xabar berdi whitehouse.gov. Bu qaror mamlakatda raqamli moliya tartibini mutlaqo o‘zgartirishi, dollarning jahon valyutasi sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashi va AQSHni raqamli aktivlar sohasida yetakchiga aylantirishi kutilyapti.

Yangi qonunga asosan, steyblkoinlar — ya’ni, qiymati AQSH dollari yoki davlat xazina obligatsiyalariga bog‘langan kriptovalyuta turlari — endi federal tartibga olinadi. Bundan buyon steyblkoin chiqaruvchilari o‘z zaxiralari tarkibini har oy oshkora e’lon qilishi shart, deb belgilandi.

Oq uy bayonotida ta’kidlanishicha, “GENIUS qonuni” AQSH davlat qarziga bo‘lgan talabni oshirish va dollarning xalqaro moliya tizimidagi o‘rnini mustahkamlash uchun aniq huquqiy zamin yaratadi. Qonunni imzolash marosimida mamlakatning yirik texnologiya va kriptovalyuta kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu islohot “tarixdagi birinchi steyblkoinlarni tartibga soluvchi federal tizimni yaratadi” va raqamli moliyaviy texnologiyalardagi eng yirik inqilob bo‘lishi mumkin. Endi AQSH mansabdorlari ham steyblkoinlarni qonuniy tarzda sotib olish va ulardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Qonun loyihasi AQSH Kongressida ikki partiya tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan holda qabul qilindi. Ammo, demokratlar amaldorlar va ularning oila a’zolariga steyblkoinlar bilan bog‘liq biznesda ishtirok etishni cheklovchi band kiritishga urinishgan, bu band rad etildi.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, bu qonun dollar bilan ta’minlangan raqamli valyutalar uchun ochiq yo‘l ochadi va AQSHda kriptovalyuta bozorini global darajada raqobatbardosh qiladi. CoinGesko ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi steyblkoinlar bozori 260 milliard dollardan yuqori, Standard Chartered banki esa 2028 yilga borib bu ko‘rsatkich 2 trillion dollargacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Ko‘pchilik ekspertlar va iqtisodchilar bu tarixiy qadam ortidan Amerika moliyasi va texnologik innovatsiyalarida yangi bosqich boshlanishini ta’kidlashmoqda. “GENIUS” qonuni bilan AQSH kriptobozorining raqobatdagi asosiy ustuniga aylanishi ehtimoldan yiroq emas.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp “GENIUS” bilan AQSHda steyblkoinlar uchun yangi davr boshladi