
Saudiya Arabistoni qirollik oilasi uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan bir fojiali qissani yopishga majbur bo‘ldi: shahzoda Al-Volid ibn Xolid ibn Talal 35 yoshida vafot etdi, deb yozadi thenationalnews.com. U 2005 yildan beri, ya’ni shuncha yil mobaynida koma holatida hayot kechirayotgan edi.
Taqdir haziliga qarangki, shahzoda hayotining yarmiga yaqin qismini hushsiz holda, sun’iy nafas oldiruvchi apparatlar va umidga suyangan oila a’zolari bag‘rida o‘tkazdi. U Londondagi harbiy litseyda ta’lim olayotgan paytda sodir bo‘lgan yo‘l-transport halokati uning butun taqdirini o‘zgartirdi. Jarohat juda og‘ir bo‘lib, bosh miya jarohati va ichki qon ketish oqibatida komaga tushgan.
Oradan 19 yil o‘tdi. Shu vaqt mobaynida shahzodaning barmoqlari yoki ko‘zi harakat qilgan har qanday harakati yaqinlarida katta umid uyg‘otgan. Xususan, 2020 yilda u harakat qilgani haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingandi. U hatto “umid va sabr-toqat ramzi” sifatida tilga olina boshlangan edi.
Shuningdek, shahzoda Al-Volid nafaqat inson sifatida, balki qirollik oilasidagi o‘rni bilan ham e’tiborda bo‘lgan. U — shahzoda Xolid ibn Talalning farzandi, mashhur milliarder Al-Volid ibn Talalning jiyani va Saudiyaning birinchi podshohi Abdulazizning evarasi edi.
Ajablanarlisi, uning otasi barcha bosimlarga qaramay, komadagi o‘g‘lining hayotini sun’iy nafas uskunalari yordamida uzaytirishni talab qilgan. Hayot belgilarining bor-yo‘qqa chiqishiga qaramay, u doim farzandi bir kuni hushiga kelishiga ishongan.
Biroq bu umid so‘ndi. 2025 yil 19 iyul kuni shahzodaning vafoti rasman e’lon qilindi. Dafn marosimi 20 iyul kuni bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda “#SleepingPrince” heshtegi ostida minglab odamlar shahzodaning oilasiga hamdardlik bildirmoqda. Bu ham odamlarning qalbidagi insoniy tuyg‘ular, umid va bardosh qanchalik muhim ekanini yana bir bor eslatdi.
Umid qilinadiki, Al-Volidning ajib qissasi boshqalar uchun ibrat va kuch manbai bo‘lib qoladi. Taqdir qay shaklda bo‘lmasin, inson hayoti qadri har doim ulug‘. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar