Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi harbiy harakatlarda 18 yoshli yigitlar qatnashmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq BBC e'lon qilgan hisob-kitob natijalariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida kamida 245 nafar 18 yoshli maktab bitiruvchisi Ukrainadagi frontda halok bo‘lgan.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va “kontrakt armiyasi”
2023-yil aprelidan boshlab Rossiyada maktabni bitirgan o‘smirlar harbiy xizmatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida kirish imkoniga ega bo‘ldi. Ilgari kamida uch oy harbiy xizmat o‘tash talab etilgan bo‘lsa, endi bu cheklov bekor qilingan.
Ko‘plab yigitlar uchun bu qaror – ayniqsa iqtisodiy jihatdan nochor hududlarda – “yaxshi ish” sifatida qabul qilinmoqda. Ular moliyaviy rag‘batlar va vatanparvarlik ruhidagi targ‘ibot ta’sirida armiya safiga qo‘shilmoqda.
Shundaylardan biri Aleksandr Petlinskiy edi. U 18 yoshga to‘lganidan ikki hafta o‘tib shartnoma imzoladi va 20 kundan so‘ng Ukrainadagi jang maydonida halok bo‘ldi.
Petlinskiyning xolasi aytishicha, u aslida shifokor bo‘lishni orzu qilgan va tibbiyot kollejiga hujjat topshirgan edi. Ammo “maxsus harbiy amaliyot” boshlangach, frontga borishni ham orzu qila boshlagan.
2024-yil sentabridan boshlab yuqori sinf o‘quvchilari uchun “Vatanga mudofaa asoslari” nomli yangi fan joriy qilindi. Unda bolalar avtomat, granata va harbiy taktika o‘rganmoqda. Askarlar maktablarga kelib o‘z “jasoratli” tajribalari bilan bo‘lishmoqda. Bolalar esa xat va suratlar orqali frontdagilarga “ruhiy madad” yuborishga chaqirilmoqda.
Qisqa umrlik orzular
Sibirda tug‘ilgan Vitaliy Ivanov texnikumda mexaniklikni o‘rganayotgan edi. Biroq keyinchalik o‘qishni tashlab, politsiya bilan muammo ortidan armiyaga qo‘shilgan. U ham fevral oyida frontga yuborilgan va halok bo‘lgan.
Onasi Annaning aytishicha, u urushga yuborilayotgan kuni qo‘ng‘iroq qilib xayrlashgan: “Shimoliy harbiy okrugga ketayapman”, degan.
O‘sha kun — Vitaliyning birinchi va oxirgi jang bo‘lgan.
BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yil aprelidan 2025-yil iyulgacha kamida 245 nafar 18 yoshli yigit urushda halok bo‘lgan. Umumiy hisobda esa 18–20 yosh oralig‘ida kamida 2 812 nafar askarning o‘limi aniqlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!