date

Isroil harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi

Isroil harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi
Isroil armiyasi G‘azo sektorining ayrim hududlarida harbiy operatsiyalarni har kuni ma’lum soatlar oralig‘ida vaqtincha to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu qaror xalqaro bosim va G‘azodagi keskinlashayotgan ocharchilik inqirozi fonida qabul qilindi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, harbiy harakatlar har kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha Al-Mavosi, Deyr al-Balah va G‘azo shahri hududlarida to‘xtatiladi.

Shuningdek, armiyaning ta’kidlashicha, gumanitar yordam tashuvchi konvoylar uchun xavfsiz yo‘nalishlar har kuni soat 6:00 dan 23:00 gacha doimiy ravishda ochiq bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishlar orqali oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur yordam vositalari yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Misr davlatiga aloqador "Al-Qahira News" telekanalining xabariga ko‘ra, Misrdan G‘azoga yordam ortilgan karvonlar harakatlana boshlagan. Shuningdek, Isroil bir necha soat oldin havo orqali ham yordam tashlashni boshlaganini bildirgan.

BMT payshanba kuni bergan bayonotida insonparvarlik pauzalari yordam ko‘lamini oshirish imkonini berishini ta’kidlagan, biroq Isroil tomonidan konvoylar uchun etarli alternativ yo‘nalishlar taqdim etilmagani yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotganini bildirgan edi.

G‘azodagi insonparvarlik inqirozi bo‘yicha xalqaro xavotirlar kuchaymoqda. Shu bilan birga, juma kuni Isroil va AQSh tomonidan Hamas bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar to‘xtatilgani e’lon qilindi. Ularning fikricha, Hamas sulhga erishishni istamayapti.

So‘nggi haftalarda G‘azo sektorida millionlab odamlar ochlik yoqasiga kelib qolgan. Insonparvarlik tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, aholi soni 2,2 million bo‘lgan G‘azoda oziq-ovqat zaxiralari tugagan. Isroil mart oyida hududga barcha ta’minotni to‘xtatgan, may oyida esa yordamni cheklovlar bilan tiklagan.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon kamida 127 kishi — ularning 85 nafari bolalar — ochlikdan vafot etgan.

Isroil hukumati esa G‘azoda ocharchilik yo‘qligini ta’kidlab, yordam ta’minotini to‘xtatish qarorini Hamas tomonidan ushlab turilgan o‘nlab garovdagilarni ozod qilishga majbur qilish chorasi sifatida izohlamoqda. Ular may oyida yordam kirishiga ruxsat berganini, lekin BMT uni yetarli darajada tarqata olmayotganini bildirgan. BMT esa faoliyatini Isroil cheklovlari ostida imkon qadar samarali tarzda davom ettirayotganini aytgan.

Urush 2023 yil 7 oktyabr kuni boshlangan. O‘shanda Hamas jangchilari Isroil janubiga hujum qilib, 1 200 dan ortiq tinch fuqaroni o‘ldirgan va 251 kishini garovga olgan edi. Shundan so‘ng Isroil tomonidan boshlangan harbiy amaliyotlar natijasida deyarli butun G‘azo infratuzilmasi vayron qilindi. G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, urushdan hozirgacha 60 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholi vakillari.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi