date

G‘azoda ochlik qurbonlari soni yurakni titratar darajada oshdi

G‘azoda ochlik qurbonlari soni yurakni titratar darajada oshdi

8 avgust kuni kelib tushgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida oziq-ovqat yetishmasligi va chuqur gumanitar inqiroz tufayli ochlikdan vafot etganlar soni 201 nafarga yetdi. Bu qurbonlarning ichida 98 nafar bola ham borligi eng og‘ir va alamli holat sifatida qayd etilmoqda, deb xabar berdi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi 24 soat ichida yana 4 kishi – ularning orasida ikki nafar bola ham – ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Bu oramda Isroil tomoni joriy yil 27 iyulidan buyon gumanitar yordamning qisman kirib kelishini qaytadan ruxsat etgani qayd etilsa-da, umumiy hajm aholi ehtiyojining atigi 14 foizini qoplashga yetmoqda. Xususan, bu muddat mobaynida 945 ta yuk mashinasi hududga kirgan, biroq mahalliy ma’muriyatning ta’kidlashicha, ularning katta qismi Isroil harbiylari ishtirokida yoki ko‘z yumgan holda talon-toroj qilingan.

Shu bilan birga, BMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azodagi qishloq xo‘jaligi yerlarining atigi 1,5 foizi falastinliklar ixtiyorida qolgan. Bu esa mahalliy aholining mustaqil ravishda oziq-ovqat yetkazib berish imkoniyatlarini deyarli yo‘qqa chiqarmoqda. G‘azo ma’muriyati hisobicha, aholi minimal darajadagi oziq-ovqat, yoqilg‘i, dori-darmon va zarur vositalar bilan ta’minlanishi uchun kuniga kamida 600 ta yuk mashinasi kiritilishi shart.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk bu holatga qattiq baho berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning G‘azoda tinch aholi uchun oziq-ovqatga kirishni cheklashi insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholanishi mumkin. Shuningdek, u ruxsat etilgan yordam hajmining zarur miqdordan keskin kamligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan urush natijasida G‘azo sektorida kamida 61 258 kishi halok bo‘ldi, 152 045 kishi esa turli darajada yaralandi. Muttaxassislar bu raqamlar ortidan yanada og‘ir oqibatlar kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azoda ochlik qurbonlari soni yurakni titratar darajada oshdi