15 yoshli Asal Maksumova Afrikaning eng baland cho‘qqisini zabt etib barchani hayron qoldirdi (video)

15 yoshli Asal Maksumova Afrikaning eng baland cho‘qqisini zabt etib barchani hayron qoldirdi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda 15 yoshli Asal Maksumovaning Afrikadagi Kilimanjaro tog‘i cho‘qqisidan turib O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llagan murojaati aks etgan video tarqaldi. Yosh sayyoh 5895 metr balandlikdagi cho‘qqiga ko‘tarilishini O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlaganini ma’lum qildi.

Asal Maksumova videomurojaatida hozirda Tanzaniyada, Afrika qit’asining eng baland nuqtasi hisoblangan Kilimanjaro cho‘qqisida turganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu natija bilan u Kilimanjaro cho‘qqisiga chiqqan eng yosh o‘zbekistonlik bo‘lgan.

Yosh sayyoh murojaati davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevga mustahkam sog‘liq, faoliyatida muvaffaqiyatlar, xalqimiz va yurtimizga esa farovonlik tiladi.

Shuningdek, u O‘zbekistonda yoshlarning rivojlanishi va o‘z maqsadlariga erishishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi. Asal o‘zining ushbu yutug‘i boshqa tengdoshlarini ham yangi marralar sari intilishga va katta maqsadlar qo‘yishga ruhlantirishiga umid bildirdi.

15 yoshli qizning baland tog‘ cho‘qqisidan yo‘llagan murojaati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari e’tiborini tortdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar