date

Eyfel minorasida terakt rejalashtirgan o‘smirlar qo‘lga olindi

Eyfel minorasida terakt rejalashtirgan o‘smirlar qo‘lga olindi

Fransiya politsiyasi 15 va 17 yoshli ikki nafar o‘smirni hibsga oldi. Ular Eyfel minorasi va sinagogalarga qarshi terror amalini tayyorlaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Le Figaro xabar tarqatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirlar Parij atrofida tug‘ilgan va “arab-musulmon oilalarida” o‘sgan. Ular ISHID guruhi g‘oyalariga hamdard bo‘lib, muntazam ravishda “ultra zo‘ravonlikka oid” kontent bilan almashib turgan hamda xorijga “jihod uchun chiqish” haqida muhokama olib borgan. Yaqinda esa ular to‘g‘ridan to‘g‘ri Fransiyaning o‘zida hujumlar amalga oshirish haqida fikr bildirgan. Xususan, Isroilning G‘azodagi amaliyotlari munosabati bilan Eyfel minorasi va sinagogalar haqida gapirishgan.

Nashrga ko‘ra, ular hujum joyini aniq belgilamagan bo‘lsa-da, qorong‘u internet tarmoqlari orqali qurol izlashni boshlab yuborishgan. 1 avgust kuni o‘smirlar “terrorchilik maqsadida jinoiy til biriktirish” ayblovi bilan sud oldiga olib chiqildi.

Le Figaro yozishicha, Fransiyada voyaga yetmaganlar orasida terrorizmga moyillik ortib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Agar 2022 yilda bu modda bo‘yicha faqat ikki nafar bola qo‘lga olingan bo‘lsa, 2023 yilda ular soni 15, 2024 yilda esa 18 nafarga yetdi. 2025 yil boshidan buyon esa yana 13 nafari ushlangan. Yevropolning hisobotida ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqida terrorizmda gumon qilinib hibsga olinganlarning qariyb uchdan biri 20 yoshdan kichik. Shuning uchun Fransiya milliy aksilterror prokuraturasi joriy yil may oyida aynan voyaga yetmaganlar bilan ishlash uchun alohida bo‘lim tashkil etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eyfel minorasida terakt rejalashtirgan o‘smirlar qo‘lga olindi