Afg‘oniston sharqida kecha, 31 avgust kuni kechasi sodir bo‘lgan kuchli zilzila butun mamlakatni qayg‘uga soldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida kamida 250 dan ziyod inson halok bo‘lgan, 500 ga yaqin odam esa turli tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yetkazilgan. Bu haqida xalqaro OAV, jumladan, “Reuters” agentligi xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, 6,0 magnitudali zilzila mahalliy vaqt bilan soat 23:47 da qayd etilgan. Epimarkaz Nangarhor viloyatidagi Jalolobod shahridan 27 kilometr shimoli-sharqda joylashgan bo‘lib, chuqurligi ham atigi 8 kilometrni tashkil etgan. Shu sababli yer osti tebranishlari juda kuchli his qilinib, katta vayronagarchilikka olib kelgan. Oradan 20 daqiqa o‘tib, xuddi shu hududda yana 4,5 magnitudali quvvatga ega bo‘lgan ikkinchi silkinish sodir bo‘lgani, uning ta’siri qo‘shni Kunar viloyatida ham sezilgani qayd etildi.
Tabiiy ofat tunda yuz bergani bois ko‘plab aholi uyquda bo‘lgan va yer silkinishini his qilmagan. Natijada ko‘plab odamlar vayronalar ostida qolib ketgan. Ayniqsa, loy va toshdan qurilgan uylar batamom qulagani holatni yanada og‘irlashtirgan.
Kunar viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumoticha, Nur-Gul, Soki, Vatpur, Manogi va Chapadare hududlarida o‘lim holatlari keng miqyosda qayd etilgan. Faqat shu hududlardayoq 250 dan ziyod odam halok bo‘lgan, 500 ga yaqin inson jarohat olgani ma’lum qilindi.
Nangarhor viloyati sog‘liqni saqlash idorasi dastlab faqat 15 nafar jarohatlanuvchi haqida xabar bergan bo‘lsa, keyinchalik ma’lumotlar yangilanib, ayrim qishloqlarda o‘nlab insonlar halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Rasmiylar qurbonlar soni hozirgi ko‘rsatkichdan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Ayni paytda qutqaruvchi guruhlar vayronalar ostidan tirik qolganlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda. Tabiiy ofat ortidan Afg‘onistondagi insonparvarlik vaziyati yanada og‘irlashishi va jabrlanuvchilar soni oshishi xavfi saqlanib turibdi.
Shu tariqa, Afg‘onistondagi kechagi kuchli zilzila yuzlab insonlarning hayotiga nuqta qo‘ydi. Jamoatchilik esa mamlakatda tabiiy ofatlarga qarshi tizimli tayyorgarlikning yanada kuchaytirilishi zarurligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!