Angliyada 24 yoshli erkak chaqaloqni yig‘lagani uchun o‘ldirdi

Angliyada 24 yoshli erkak chaqaloqni yig‘lagani uchun o‘ldirdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Angliyaning Kent grafligida 24 yoshli Tayla Uormbi qiz do‘stining uch oylik o‘g‘liga og‘ir tan jarohati yetkazib, uning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun sud tomonidan aybdor deb topildi.
  • 2022 yil 15 iyul kuni sodir bo‘lgan voqeada chaqaloq yig‘lagani uchun kaltaklangan va bosh suyagi singan holda shifoxonada vafot etgan.

Angliyaning Kent grafligida 24 yoshli erkak qiz do‘stining uch oylik farzandiga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, uning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun sud tomonidan aybdor deb topildi. U chaqaloq yig‘lashdan to‘xtamagani sabab unga og‘ir jarohat yetkazgan. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Sud materiallariga ko‘ra, voqea 2022 yil 15 iyul kuni sodir bo‘lgan. Tayla Uormbi qiz do‘sti Shennon Hodjes uxlayotgan vaqtda uning 12 haftalik o‘g‘liga qarab turgan. U bolaning biologik otasi bo‘lmagan.

Ertalab soat 05:30 atrofida chaqaloqning onasi uning ahvoli yomonlashganini payqab, tez yordam chaqirgan. Bolaning rangi oqargan, o‘zi esa hushsiz holatga kelgan edi. Uning boshida ham shish paydo bo‘lgan.

Shifokorlar chaqaloqning bosh suyagi singani va miyasi jiddiy shikastlanganini aniqlashgan. Dastlab u Margeyt shahridagi shifoxonaga olib borilgan, keyin esa ahvoli og‘irligi sababli Londondagi tibbiyot muassasasiga ko‘chirilgan. Ammo shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, o‘sha kuni tushdan keyin chaqaloq vafot etgan.

Erkak voqeani yashirishga uringan

Tergov jarayonida Uormbi politsiyaga hodisa haqida bir-biriga zid ma’lumotlar bergani ma’lum bo‘lgan. Uning aytishicha, ertalab uyg‘onganida bolaning boshida kichik shishni ko‘rgan, unga dori berib, yana uxlatgan. Keyinroq chaqaloqning qattiq yig‘layotganini eshitib, boshining orqa qismi shishganini payqagan.

Biroq raqamli ekspertiza va tibbiy dalillar uning ko‘rsatmalari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatgan. Mutaxassislar chaqaloqqa tez yordam chaqirilishidan biroz oldin og‘ir jarohat yetkazilganini aniqlashgan. Shuningdek, bola bundan avval ham qattiq silkitish oqibatida shikastlangan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Sudda chaqaloq hayotining so‘nggi haftalarida bir necha marta shifoxonaga olib borilgani ham ma’lum bo‘ldi. U tez-tez qusgan, tanasi bo‘shashib qolgan va odatdagidan ko‘proq yig‘lagan. Shifokorlar bu belgilar chaqaloqni silkitish sindromiga xos ekanini bildirishgan.

Sud-tibbiy ekspertiza natijalariga ko‘ra, bolaning miyasida o‘limidan besh haftagacha oldin ham qon ketishi kuzatilgan. Bu esa unga avval ham jarohat yetkazilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Shuningdek, chaqaloqning biologik otasi uning xavfsizligidan xavotir bildirganidan keyin bola ijtimoiy xizmatlar nazoratiga olingani ma’lum bo‘lgan.

Sud erkakni ikki jinoyatda aybdor deb topdi

24 yoshli Tayla Uormbi sud jarayonida qotillik va qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish ayblovlarini tan olmagan. Biroq 29 oktyabr kuni sud hay’ati uni har ikki jinoyatda ham aybdor deb topdi.

Kent politsiyasi tergov bo‘limi katta inspektori Adam Marshall murakkab tibbiy va kriminalistik dalillar o‘rganilgani natijasida erkakning yolg‘on ko‘rsatmalari fosh etilganini ma’lum qildi.

Uormbiga nisbatan yakuniy jazo hukmi keyinroq e’lon qilinishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar