“The Jerusalem Post” nashrining yozishicha, “Tinder firibgar” nomi bilan tanilgan Saymon Leviyev (asl ismi Shimon Xayut) Batumi aeroportida hibsga olingan.
Gruziya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olish Interpolning buyrug‘i asosida amalga oshirilgan. Leviyev xalqaro qidiruvda bo‘lgan. Uning advokati esa mijozining “nega hibsga olinganini hali ham tushunmayotganini” aytib, “u bemalol dunyo bo‘ylab sayohat qilib kelgan”, deya qo‘shimcha qildi.
Simon Leviyev o‘zini Leviyevning olmos imperiyasi vorisi sifatida tanishtirib, Tinder ilovasi orqali ayollarni chuv tushirgan. U hayoti xavf ostida ekanini bahona qilib, ulardan katta miqdorda pul so‘ragan va taxminan 10 million dollar atrofida mablag‘ni qo‘lga kiritgan.
2019 yilda u Isroilda sodir etgan jinoyatlari uchun firibgarlikda aybdor deb topilgan va 15 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Biroq besh oy o‘tgach, qamoqdan chiqarilgan va o‘zini “biznes maslahatchisi” sifatida ko‘rsata boshlagan. Shunga qaramay, uning qurbonlari hanuzgacha moliyaviy zararni qoplash uchun kurashmoqda.
2022 yil yanvar oyida Netflix “The Tinder Scammer” nomli hujjatli filmni taqdim etgan edi. Unda Leviyev tomonidan aldanib qolgan uch ayol bilan suhbat o‘rin olgan. Premeradan keyingi ilk haftada film qariyb 46 million tomosha qilinib, platformaning eng ko‘p ko‘rilgan o‘nligidan joy olgan.
Oradan uch oy o‘tib, 2022 yil aprelida Ispaniya hukumati uni soxta hujjatlar ishlatgani uchun hibsga olishga order chiqargan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!