Yevropa Ittifoqining yettita davlati — Estoniya, Latviya, Litva, Finlandiya, Polsha, Ruminiya va Bolgariya yaqin kunlarda Yevropa komissiyasi hamda Ukraina bilan birgalikda yangi va dolzarb tashabbus — “dronlar devori” yaratish masalasini muhokama qiladi. Yevrokomissiya vakili Tomas Renening aytishicha, bu masala bo‘yicha onlayn uchrashuv 26 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Yevropa komissiyasi rasmiysi ta’kidlaganidek, keyingi oylarda ayrim YEI davlatlari hududlarida Rossiya bilan bog‘liq tahdidlar keskin ko‘paydi. «Ruminiya va Polsha hududida hujumlar va havodan kirish holatlari allaqachon sodir bo‘lgani» — deb qayd etdi Rene. Shu bois Yevropa mamlakatlari xavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlashmoqda.
Shuningdek, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ham yaqinda Yevropa parlamentida so‘zga chiqib, YEI Ukrainaga harbiy va strategik ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina zukkoligidan foydalanib, jang maydonida va qo‘shma sanoatlashtirishda ustunlikka erishishi kerak». Shu maqsadda Yevropa Ittifoqi “dronlar ittifoqi” tashabbusini yo‘lga qo‘yishi, uni moliyalash uchun esa 6 milliard yevro ajratilishi kutilmoqda.
Fon der Lyayenning fikricha, YEI o‘zining sharqiy chegaralarini mustahkamlash uchun Boltiqbo‘yidagi hamkorlarining chaqiriqlariga javob qaytarishi shart. U 1 oktyabr kuni Kopenhagenda o‘tadigan YEI yetakchilarining norasmiy sammitida “dronlar devori”ni moliyalashtirish masalasini qayta ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Keskinlikning kuchayishiga asosiy sabab sifatida 19 sentyabr kuni sodir bo‘lgan holat keltiriladi: uchta rus harbiy samolyoti Estoniya havo hududini buzib kirdi va ular Italiyaning F-35 qiruvchi samolyotlari tomonidan ushlab qolindi. Bu esa YEIning xavfsizlik siyosatida yangi choralar ko‘rish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ayni oyda Polsha ham Rossiya dronlari o‘z chegaralarini buzganini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, Litva Yevrokomissiya Tallin va Vilnyusning 12 million yevrolik qo‘shma loyihasini yozda rad etganini eslatdi. Biroq Rossiyaning keyingi harakatlari bu tashabbusning qanchalik dolzarb ekanini yanada ravshan ko‘rsatmoqda.
Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasidagi yangi maslahatlashuvlar nafaqat xavfsizlik sohasida, balki umumiy strategik hamkorlikda ham muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!