BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasi dunyo siyosiy maydonida yana bir muhim voqeaga sahna bo‘ldi. Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto 23 sentyabr kuni Nyu-Yorkdagi minbardan turib G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish uchun o‘z yurti katta qadam tashlashga tayyor ekanini bildirdi.
Indoneziya rahbarining ta’kidlashicha, agar BMT Xavfsizlik kengashi va Bosh assambleya rasmiy qaror qabul qilsa, mamlakat ko‘p tomonlama tinchlikparvar kuchlar tarkibida 20 mingdan ortiq askarini yuborishga tayyor. «Ikki davlat haqidagi qaror orzu bo‘lib qolmasligi, balki amaliyotda ro‘yobga chiqishi kerak», – dedi Prabovo Subianto. Uning fikricha, Indoneziya BMTning tinchlikparvar missiyalarida tajribali davlat sifatida G‘azoda ham muhim o‘rin tutishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan Indoneziya dunyodagi eng yirik musulmon davlati hisoblanadi. Bu mamlakat aholisining 85 foizini tashkil etuvchi 270 millionga yaqin kishi islom diniga e’tiqod qiladi.
Sessiya davomida dunyo yetakchilari G‘azodagi og‘ir vaziyatni yana bir bor yodga oldilar. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an nutqida Isroilning shafqatsiz harakatlarini keskin qoralab, har kuni bolalar halok bo‘layotganini ta’kidladi. «2-3 yashar ma’sum bolalarning qo‘l-oyoqsiz qolishi oddiy holga aylandi. Dunyo yetakchilari, insoniyat istiqboli uchun mazlumlarni himoya qilish vaqti keldi!» – dedi u qattiq qayg‘u bilan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham o‘z nutqida bu fojiaga alohida to‘xtalib, harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. U BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, «ikki xalq – ikki davlat» tamoyilini amalga oshirishni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil 7-oktyabrdan buyon davom etayotgan qonli mojaroda 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 166 mingdan ziyod inson yaralangan. YUNISEFning qayd etishicha, faqatgina so‘nggi 22 oy ichida 18 mingdan ko‘p bola hayotdan ko‘z yumgan.
BMT komissiyasi yaqinda Isroilning harakatlarini genotsid sifatida baholadi. Shuningdek, B’Tselem va Physicians for Human Rights kabi inson huquqlari tashkilotlari ham Netanyahu hukumatini tinch aholiga qarshi jinoyatlarda ayblab chiqishdi. Ular tayyorlagan hisobotda minglab bolalar, ayollar va keksalarning o‘ldirilishi, uylarning yo‘q qilinishi, shifoxonalar vayron qilinishi va hatto ocharchilik kelib chiqqani haqida batafsil yoritilgan.
Xalqaro tashkilotlar esa hozirgi kunda ham G‘azoda tinch aholi qurbonlari keskin ko‘payib borayotganini, minglab odamlar yetishmovchilik, ochlik va kasalliklar tufayli halok bo‘layotganini ogohlantirib kelmoqda. Bu esa butun insoniyat uchun katta imtihon ekani shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!