Amerikalik mashhur tadbirkor va milliarder Ilon Mask o‘zining sun’iy intellekt kompaniyasi xAI orqali butun dunyo e’tiborini qozonishi kutilgan loyihani e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, endi omma uchun “Grokipedia” deb nomlangan yangi onlayn ensiklopediya ishlab chiqilmoqda.
Maskning ta’kidlashicha, mazkur resurs aslidagi Wikipedia’dan farqli ravishda, hozirda taqiqlangan deb hisoblangan va iqtibos qilishga ruxsat berilmagan manbalarga ham asoslanadi. Ushbu jarayon ensiklopediyani keng qamrovli qilish, ma’lumotlar turli qarashlarni qamrab olishiga zamin yaratishi maqsadida amalga oshiriladi. Milliarder bu haqda o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida yozib o‘tdi.
Grokipedia g‘oyasi Wikipedia’ning ayrim ommaviy axborot vositalari — Fox News, Breitbart, Daily Caller, Epoch Times, New York Post va Federalist kabi nashrlarning maqolalariga iqtibos berishni taqiqlagani ortidan paydo bo‘ldi. Bu holat ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan edi. Masalan, sobiq investitsiya bankiri Jon Lefevre buni “bir tomonlama cheklov” sifatida baholagan, investor Devid Saks esa bunday taqiqlangan manbalardan kelib chiqqan holda “Wikipediani qaytadan yozish uchun katta imkoniyat” mavjudligini ta’kidlagan.
Ilon Mask ushbu fikrlarga javoban, haqiqatdan ham xAI ensiklopediya ishlab chiqishni boshlaganini tasdiqladi. Uning ta’biri bilan aytganda, yangi loyiha “butun insoniyat bilimi uchun xizmat qiladi” va uning natijalari barcha uchun ochiq bo‘ladi. Milliarder bu qadamni nafaqat Wikipedia’ni yaxshilash, balki xAIning “koinotni to‘liq anglash” maqsadini amalga oshirishdagi muhim bosqich sifatida ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ilon Mask avval ham Wikipedia’ni tanqid qilib, portaldan uning ijtimoiy tarmog‘i — X bo‘yicha faktlarni tekshirishda ishonish mumkin emasligini aytgan edi. Uning yangi tashabbusi esa ensiklopediya sohasida yangi davrni boshlab berishi mumkin, degan qarashlar bildirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!