Sun’iy intellekt sohasida yetakchi sifatida tanilgan OpenAI tarixiy marraga yetdi. ChatGPT platformasi orqali mashhur bo‘lgan kompaniyaning qiymati 500 milliard dollarga baholanib, dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniya maqomini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Bloomberg va Reuters agentliklari ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning sobiq va amaldagi xodimlari investorlarga taxminan 6,6 milliard dollarlik aksiyalarni sotgan. Ilk bosqichda ular 10,3 milliard dollarlik aksiyalarni sotishga rozilik bergan bo‘lsa-da, ko‘pchilik OpenAI biznesining istiqboliga ishongani uchun bunday qadamdan qaytdi.
Avvalroq kompaniyaning umumiy qiymati taxminan 300 milliard dollar atrofida baholangan edi. Yangi baholash natijasida OpenAI qiymati Ilon Maskning SpaceX kompaniyasidan ham oshib ketdi. SpaceX hozirda 400 milliard dollarga yaqin qiymatga ega bo‘lib, dunyodagi xususiy kompaniyalar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin esa TikTok'ning egasi bo‘lgan Xitoy kompaniyasi ByteDance hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
OpenAI'ning o‘sishi unga bo‘lgan katta qiziqish bilan izohlanmoqda. 2025 yil iyul holatiga ko‘ra, ChatGPT haftasiga taxminan 700 million faol foydalanuvchiga ega. Platforma orqali bir hafta ichida 18 milliard xabar almashilgani qayd etilgan.
Qizig‘i shundaki, kompaniya asoschilaridan biri hisoblangan Ilon Mask 2018 yilda direktorlar kengashini tark etgan bo‘lsa-da, 2025 yil boshida OpenAI'ni 97,4 milliard dollarga sotib olish taklifini bildirgan. Milliarder 2024 yilda kompaniyaga qarshi sud ishi ham qo‘zg‘atgan. Maskning fikricha, OpenAI'ning Microsoft bilan hamkorligi va tijorat yo‘nalishiga o‘tishi dastlabki maqsadlarga zid edi.
Biroq OpenAI dekabr oyida e’lon qilgan hujjatlar Maskning o‘zi vaqt o‘tib tijorat tashkilotiga aylanish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaganini ochiqladi. Ammo u kompaniya ustidan to‘liq nazoratga ega bo‘lolmagani sababli bu g‘oyadan voz kechgani qayd etildi.
Bloomberg tahliliga ko‘ra, OpenAI qiymatining oshishi butun sun’iy intellekt sohasidagi qizg‘in raqobat va investorlar qiziqishining kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Masalan, sentyabr oyining oxirida chip ishlab chiqaruvchi Nvidia OpenAI'ga taxminan 100 milliard dollarlik sarmoya kiritish niyati borligini va kompaniyaga ma’lumot markazlari uchun chiplar yetkazib berishini ma’lum qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!