Dunyoda o‘ta qashshoqlikda yashayotganlar soni 1,2 milliardga yetdi

Dunyoda o‘ta qashshoqlikda yashayotganlar soni 1,2 milliardga yetdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Dunyoda o‘ta qashshoqlikda yashayotganlar soni bir yil ichida 51,5 million nafarga ko‘payib, 1,2 milliardga yetdi.
  • Bu insonlar moliyaviy qiyinchiliklar bilan bir qatorda ochlik, ta’lim va toza ichimlik suvi hamda elektr energiyasi yetishmasligi kabi muammolarga duch kelmoqda, ularning yarmidan ko‘pini bolalar tashkil etadi.

Dunyo bo‘ylab 1,2 milliard kishi o‘ta qashshoqlik sharoitida kun kechirmoqda. Bir yil ichida ularning soni 51,5 million nafarga ko‘paygan. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamda Oksford universiteti tadqiqotchilari tayyorlagan hisobotda ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, o‘ta qashshoqlikda yashayotgan insonlar nafaqat moliyaviy qiyinchiliklarga, balki ochlik, ta’lim olish imkoniyatining cheklangani, toza ichimlik suvi va elektr energiyasi yetishmasligi kabi muammolarga ham duch kelmoqda. Eng tashvishli jihati, ushbu toifadagi aholining yarmidan ko‘pini bolalar tashkil etadi.

BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Aleksandr De Kru qashshoqlik ko‘rsatkichlarining ortishini butun dunyo uchun jiddiy ogohlantirish sifatida baholagan.

Qayd etilishicha, qashshoqlikda yashayotganlar sonining ko‘payishiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri aholi sonining o‘sishidir. Shu bilan birga, hisobot qamrab olgan 108 ta rivojlanayotgan davlatning faqat 13 tasi bo‘yicha yangi ma’lumotlar mavjud. Shu sababli keltirilgan raqamlarni baholashda ushbu holatni ham inobatga olish lozim.

Shunga qaramay, ayrim mamlakatlarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. So‘nggi 15 yil davomida 33 ta davlatda ko‘p o‘lchovli qashshoqlik mezonlari bo‘yicha qiyin sharoitda yashayotgan aholi ulushi ikki baravarga qisqargan. Ular orasida Xitoy va Vetnam ham bor.

Biroq qashshoqlik muammosi, asosan, Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika davlatlari va Janubiy Osiyodagi mamlakatlarda saqlanib qolmoqda.

Hisobotda Misr, Nepal va Tojikistonda ham qashshoqlik darajasi, ham undan aziyat chekayotgan aholi soni sezilarli kamaygani qayd etilgan. Angola va Zambiyada esa boshqacha holat kuzatilgan: qashshoqlik darajasi pasaygan bo‘lsa-da, aholi tez ko‘payishi tufayli qashshoqlikda yashayotganlar soni ortgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar