Misrda Ramzes II tasvirlangan ikki ulkan haykal qoldiqlari topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Misrning Behbeyt al-Hajar qishlog‘ida qariyb 3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan, Ramzes II tasvirlangan ikki ulkan qirollik haykalining qoldiqlari topildi.
- Ramzes II haykalining taxminan 1,6 metr balandlikdagi boshi va to‘liq holatda taxminan 8,5 metr bo‘lgani aniqlangan, ikkinchi haykalning saqlanib qolgan qismi esa 2,4 metrni tashkil etadi.
- Topilmalar orasida fir’avnning qirollik unvonlarini o‘z ichiga olgan iyeroglif yozuvlari tushirilgan pushti granit bo‘lagi ham bor.
Misrning Nil deltasi hududidagi qishloqda qariyb 3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan ikki ulkan qirollik haykalining qoldiqlari aniqlandi. Ulardan biri Qadimgi Misrning mashhur hukmdori Ramzes II tasvirlangan haykal ekani tasdiqlangan. Ikkinchi haykal ham shu fir’avnga tegishli bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ahram Online va boshqa xalqaro nashrlar xabar berdi.
Topilma Qohiradan taxminan 100 kilometr shimolda joylashgan Behbeyt al-Hajar qishlog‘ida aniqlangan. Mahalliy aholi vakili o‘z yerida ishlayotganida yozuvlar tushirilgan tosh bo‘lagini ko‘rib qolgan va bu haqda arxeologiya idoralariga xabar bergan. Mutaxassislar toshning qadimiyligini aniqlagach, hududda qutqaruv-qazish ishlari boshlangan.
Qazishmalar davomida haykallarning qoldiqlari va iyeroglif yozuvlari tushirilgan pushti granit bo‘lagi topilgan. Eng diqqatga sazovor topilmalardan biri — Ramzes II haykalining taxminan 1,6 metr balandlikdagi bosh qismi. Unda fir’avn Yuqori va Quyi Misrni birlashtirishni ifodalovchi qo‘sh tojda tasvirlangan.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, haykal to‘liq holatida, poydevori bilan birga, taxminan 8,5 metr balandlikda bo‘lgan.
Ikkinchi haykalning saqlanib qolgan qismi qariyb 2,4 metrni tashkil etadi. Uning ayrim qismlari, jumladan, oyoqlari va pastki qismi yo‘qolgan. Shunga qaramay, haykalning yuz qismi yaxshi saqlangani qayd etilgan.
Pushti granit bo‘lagidagi iyerogliflar Ramzes II ning qirollik unvonlarini o‘z ichiga oladi. Bu yozuvlar topilmalarning fir’avn bilan bog‘liqligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Misr rasmiylari qadimiy toshni aniqlab, tegishli idoralarga xabar bergan mahalliy aholi vakilining harakatlarini yuqori baholagan. Hozirda hududda qazish ishlari davom etmoqda. Arxeologlar yangi topilmalar orqali mazkur joyning qadimgi tarixdagi ahamiyatini yanada aniqlashga umid qilmoqda.
Behbeyt al-Hajar qadimgi Isida ibodatxonasi xarobalari bilan ham mashhur. Asosan ulkan granit bloklardan qurilgan ushbu majmua Misr tarixining keyingi davrlarida muhim diniy markazlardan biri bo‘lgan. Biroq yangi topilgan haykallarning ibodatxona bilan bevosita bog‘liqligi hozircha aniqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Ramzes II Qadimgi Misrning XIX sulolasi vakili bo‘lib, miloddan avvalgi 1279–1213 yillarda hukmronlik qilgan. U mamlakat tarixidagi eng mashhur fir’avnlardan biri sanaladi. Uning davrida ko‘plab ibodatxonalar, ulkan haykallar va me’moriy yodgorliklar barpo etilgan. Ramzes II tarixda Ramzes Buyuk nomi bilan ham tanilgan.
































Izohlar 0
…