date

Seulda fuqarolar uchun yadroviy boshpana quriladi

Seulda fuqarolar uchun yadroviy boshpana quriladi

Janubiy Koreya poytaxti Seulda ilk fuqarolik yadroviy bunker qurilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Korea Herald. Yangi obyekt shaharning Sonpxa-gu tumanidagi Garak-don mahallasidagi ko‘p qavatli turarjoy majmuasi ostida barpo etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu loyiha mamlakatning fuqaro xavfsizligini mustahkamlash va ehtimoliy yadroviy yoki kimyoviy tahdidlarga javob berish maqsadida amalga oshiriladi. Hukumat va Seul uy-joy va kommunal xizmatlar korporatsiyasi bunker qurilishini 2028 yilga qadar yakunlashni rejalashtirgan.

Bunkerning asosiy vazifasi — fuqarolarni yadroviy, biologik va kimyoviy hujumlardan himoya qilishdir. Obyekt uchinchi yerto‘la darajasida joylashadi va 16 ta ko‘p qavatli uylarni o‘z ichiga olgan yangi turarjoy majmuasi tarkibiga kiradi.

2147 kvadrat metrli yerosti panohgoh bir vaqtning o‘zida 1020 kishiga yashirinish imkonini yaratadi. U shamollatish, suv ta’minoti va zaxira tizimlari, kanalizatsiya bilan jihozlanadi. Bu tuzilma fuqarolarga favqulodda holatda 14 kungacha mustaqil ravishda yer ostida yashash imkonini beradi.

Loyihaning eng qiziq jihati shundaki, bunker ikki xil maqsadda foydalaniladi. Tinchlik davrida u jamoat fitnes markazi sifatida ochiq bo‘ladi, xavf tug‘ilgan hollarda esa himoya inshootiga aylanadi. Bu Janubiy Koreyada faqat fuqarolik ehtiyojlari uchun qurilayotgan va yadroviy portlash ta’siriga chidamli ilk obyekt bo‘ladi.

Shahar ma’muriyatining ta’kidlashicha, bu tashabbus yangi global voqelik va tahdidlarga mos ravishda fuqaro mudofaasi tizimini qayta yangilash zaruratidan kelib chiqqan.

“Zamonaviy tahdidlar an’anaviy xavflardan butunlay farq qiladi. Biz bu loyiha orqali boshpanalarning ahamiyatini oshirish va Seul aholisining xavfsizligini ta’minlashni maqsad qilganmiz”, — deyiladi shahar ma’muriyati bayonotida.

Bunker qurilishi mamlakatdagi “Seul mudofaasi–2030” dasturining bir qismi hisoblanadi. Unga ko‘ra, hukumat yadroviy, biologik yoki kimyoviy hujumlar sodir bo‘lgan holatda aholini tezkor ravishda himoya qilish imkonini beruvchi boshpanalar tarmog‘ini yaratishni rejalashtirmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda KXDR tomonidan yadroviy sinovlar soni ortib, mintaqada xavf darajasi oshgan. Shu bois, Janubiy Koreya hukumati nafaqat harbiy, balki fuqarolik sohasida ham xavfsizlik infratuzilmasini kuchaytirishni muhim deb hisoblaydi.

Seulning yangi bunkeri — nafaqat zamonaviy mudofaa loyihasi, balki yangi reallikda fuqaro xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Seulda fuqarolar uchun yadroviy boshpana quriladi