date

G‘azoda maktablar qayta ochilmoqda

G‘azoda maktablar qayta ochilmoqda

Ikki yillik urush va doimiy bombardimonlardan so‘ng G‘azo sektorida hayot asta-sekin odatiy iziga qayta boshladi, deb xabar berdi Al Jazeera.

BMTning Falastin qochqinlari bo‘yicha agentligi ma’lum qilishicha, ayrim maktablar faoliyatini qayta tikladi. Birinchi bosqichda o‘n minglab o‘quvchilar sinflarga qaytib, yana kitob va daftar bilan band bo‘ldi.

Ammo vaziyat hali ham og‘ir. Urush davrida 564 ta maktabdan 500 dan ortig‘i zarar ko‘rgan, ko‘pchiligi hozircha ta’mirtalab holatda. Shu sababli ko‘p darslar boshpanalarda, ochiq maydonlarda yoki vaqtinchalik sinflarda o‘tkazilmoqda.

Mutaxassislar ta’lim tizimidagi buzilishni “yo‘qolib ketayotgan avlod xavfi” deb baholamoqda. Ular ta’kidlashicha, infratuzilma va o‘qituvchilar yetishmovchiligi ta’limning to‘liq tiklanishiga hali yo‘l bermayapti.

Shunga qaramay, bolalar uchun maktabga qaytish katta ma’naviy ahamiyat kasb etmoqda — ular buni tinchlik va umid ramzi sifatida qabul qilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar maktablarni tiklash, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va bolalarga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni yo‘lga qo‘ygan. Tahlilchilarning fikricha, uzoq muddatli barqarorlik uchun xavfsizlik kafolatlari va insonparvar yordamni doimiy ravishda ta’minlash zarur bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azoda maktablar qayta ochilmoqda