
Germaniyada kutilmagan holat kuzatildi — mamlakatda poliomiyelit kasalligini keltirib chiqaruvchi yovvoyi poliovirus shtammi aniqlandi. Bu haqda Robert Koh instituti ma’lumotlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Germaniyada bu kabi infeksiya oxirgi marta 1990-yilda uchragan. Ammo mutaxassislar 2021-yildan beri atrof-muhit namunalarini tizimli tekshirib kelmoqda va virus aynan shunday monitoring jarayonida topilgan.
Shunisi e’tiborlisiki, aholi orasida hozircha hech qanday kasallanish holati qayd etilmagan. Tibbiyot xodimlari buni mamlakatdagi yuqori emlash darajasi bilan izohlamoqda. Vaksinatsiya virus tarqalishining oldini olgan asosiy omil sifatida ko‘rsatilmoqda.
Poliomiyelit — asab tizimini jiddiy shikastlovchi, ba’zan falajlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan infeksiya. U asosan ifloslangan oziq-ovqat va suv orqali yuqadi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Braziliya ko‘rshapalaklarida ham yangi virus turi topilgani haqida xabar berilgandi. Uning namunalari bir vaqtning o‘zida Maranyan va San-Paulu shtatlarida aniqlangan.
Mutaxassislar vaziyatni nazoratga olib, virusning kelib chiqishi va tarqalish xavfini o‘rganishni davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.