
Rossiya hududlarida mavsumiy gripp bilan kasallanish holatlari keskin ko‘paymoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayni paytda mamlakat bo‘ylab har yuz nafar aholidan biri gripp infeksiyasiga chalinayotgani qayd etilmoqda. Ayrim mintaqalarda esa bir hafta ichida bemorlar soni qariyb ikki barobarga oshgan. Shifokorlar va epidemiologlar mavjud vaziyatni doimiy nazoratga olgan holda, epidemiyaning eng yuqori bosqichi hali oldinda ekanini ogohlantirmoqda.
Tibbiyot xodimlarining ma’lum qilishicha, joriy kuz-qish mavsumida grippning asosiy tarqalayotgan turi sifatida Gonkong grippi — A (H3N2) shtammi ustunlik qilmoqda. Ushbu virus yuqori yuquvchanlikka ega bo‘lib, tez sur’atlarda rivojlanishi va jiddiy asoratlarga olib kelishi bilan xavfli hisoblanadi. Ayniqsa, homilador ayollar, yosh bolalar, keksalar hamda surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar xavf guruhiga kiradi.
Mutaxassislar qayd etishicha, Gonkong grippi o‘tkir virusli kasallik bo‘lib, asosan nafas yo‘llarini zararlaydi. Kasallik yuqori harorat ko‘tarilishi, kuchli intoksikatsiya, mushaklarda og‘riq, bosh og‘rig‘i bilan namoyon bo‘ladi. Ayrim holatlarda ko‘ngil aynishi, ishtaha pasayishi va hazm tizimi faoliyatining buzilishi ham kuzatilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, ushbu gripp shtammi ilk bor 1968 yilda Gonkong shahrida aniqlangan. Bugungi kunda u mutatsiyaga uchragan holda mavsumiy gripp sifatida dunyoning turli hududlarida tarqalishda davom etmoqda. Shifokorlar aholini o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslikka, ilk alomatlar paydo bo‘lishi bilan tibbiy yordamga murojaat qilishga va profilaktika qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.