
Angliyaning "Liverpul" klubi hamda Misr milliy terma jamoasi yetakchi vingeri Muhammad Saloh ijtimoiy tarmoqlarda joylagan navbatdagi posti ortidan yana bahslar markaziga tushdi. Bu safar tanqidlarga sabab bo‘lgan holat — futbolchining Rojdestvo bayrami munosabati bilan qoldirgan tabrigi bo‘ldi.
Saloh o‘z sahifasida bayram archasi fonida qizlari bilan tushgan suratini joylab, rasmga “Rojdestvo bilan” degan heshteg qo‘shgan. Bir qarashda oddiy oilaviy kadrga o‘xshagan ushbu post qisqa vaqt ichida turli qarashlar va keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi.

Ayniqsa, izohlar bo‘limida musulmon obunachilarning tanqidiy fikrlari ko‘paydi. Ulardan biri:
— “Men seni e’tiqodimizda taqiqlangan bayramni nishonlamaydi, deb o‘ylagandim”, — deb yozdi.
Yana bir foydalanuvchi esa juda hissiy munosabat bildirdi:
— “Mo Saloh, men seni hatto "Manchester Siti" muxlisi bo‘lgan paytimda ham hurmat qilardim. Sen hech qachon u yerda o‘ynamagan bo‘lsang-da, men uchun ilhom manbai eding. Ammo bu tvitdan keyin endi seni o‘rnak sifatida ko‘ra olmayman. Agar uni o‘chirmasang, obunamni bekor qilaman”, — dedi u.
Boshqa bir izohda esa quyidagi savollar o‘rtaga tashlandi:
— “Sen musulmonsan. Millating va madaniyatingni hurmat qilishing kerak. Millionlab odamlarga qanday namuna ko‘rsatyapsan?”
Eng keskin munosabatlardan biri esa shunday mazmunda bo‘ldi:
— “Birodar, Allohdan qo‘rq. Sen musulmonsan va millionlab odamlar senga ergashadi. Ularning ko‘pchiligi yoshlar. Ular sen qilayotgan ishni oddiy hol deb qabul qilishi mumkin. Ammo bu musulmonlarga xos emas. Sen xristianlarning Ramazon yoki Qurbon hayitini nishonlaganini ko‘rganmisan?”
Qayd etish joiz, bu birinchi marta emas. Muhammad Saloh o‘tgan yili ham xuddi shu sabab bilan — Rojdestvo munosabati bilan qoldirgan tabrigi uchun jamoatchilikning bir qismi tomonidan tanqid ostiga olingan edi.
Qisqasi, Salohning har bir qadami nafaqat maydonda, balki ijtimoiy tarmoqlarda ham diqqat bilan kuzatilyapti. Bir post — millionlab fikrlar. Mashhurlikning narxi esa ba’zan shunday bahslar bilan o‘lchanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.