Argentina Burkina-Fasoni 7:0 hisobida mag‘lub etdi

Argentina Burkina-Fasoni 7:0 hisobida mag‘lub etdi

Argentina terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Burkina-Fasoni 7:0 hisobida mag‘lub etdi. Buenos-Ayresdagi «Monumental» stadionida o‘tgan bahsda Argentina futbolchilari uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq nazoratni o‘z qo‘liga oldi. Jamoa birinchi bo‘limda beshta gol urgan bo‘lsa, tanaffusdan keyin yana ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

Uchrashuvda hisob 4-daqiqada ochildi. Lautaro Martines penaltidan foydalanib, Argentinani oldinga olib chiqdi. 8-daqiqada Burkina-Faso futbolchisi Mumuni Diallo o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi.

12-daqiqada Janluka Prestianni Argentinaning uchinchi golini urdi. 35-daqiqada Niko Pas hisobni 4:0 ko‘rinishiga keltirdi. Bir daqiqa o‘tib, Xulian Alvares ham o‘z nomini tabloga yozdirdi.

Ikkinchi bo‘limda ham Argentina hujumlarini davom ettirdi. 57-daqiqada Franko Mastantuono gol urdi. Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan 90+3-daqiqada Juliano Simeone Argentina terma jamoasining yettinchi golini kiritdi.

Uchrashuv statistikasida ham Argentinaning ustunligi yaqqol ko‘rindi. Argentina raqib darvozasi tomon 28 marta zarba bergan va ularning 16 tasi darvoza tomon aniq yo‘llangan. Burkina-Fasoda bu ko‘rsatkichlar 3 va 1 tani tashkil qildi.

To‘pga egalik qilishda Argentina 75 foizlik ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa, Burkina-Fasoda 25 foiz bo‘ldi. Argentina 9 marta qoida buzgan, Burkina-Faso futbolchilarida esa 5 ta fol qayd etildi. Sariq kartochkalar bo‘yicha hisob 0:1, qizil kartochkalar esa 0:0 bo‘ldi.

Ofsaydlar soni Argentinada 1 ta, Burkina-Fasoda 0 ta bo‘ldi. Burchak zarbalarida esa Argentina 7:1 hisobida ustunlik qildi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar