Yevropa AQSh tahdidlariga qarshi choralar ko‘rishga tayyor

Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa mamlakatlariga nisbatan boj tariflarini oshirish haqidagi bayonotlarini qoraladi. Yevropa yetakchilari bu tahdidlar hamkor davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga zarar yetkazishini va bosim o‘tkazish usuli ekanini ta’kidladi.
AQSh Grenlandiya bilan bog‘liq vaziyat sabab Daniya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya, Niderlandiya va Finlyandiya, shuningdek Buyuk Britaniya va Norvegiyaga nisbatan yangi tariflar joriy etishini ma’lum qildi. Yevropa davlatlari Grenlandiyaga yuborilgan harbiylar faqat xavfsizlikni ta’minlashga qaratilganini va hech kimga tahdid solmasligini bildirdi.
Vaziyat yuzasidan Bryusselda Yevropa Ittifoqi davlatlari vakillari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazildi. Ayrim davlatlar AQSh bosimiga javoban iqtisodiy choralar ko‘rish taklifini ilgari surmoqda. Bu masala hozirda Yevropa doirasida muhokama qilinmoqda.
Yevropa yetakchilari muammoni muloqot yo‘li bilan hal qilish tarafdori ekanini bildirdi. Shu bilan birga, agar bosim davom etsa, Yevropa Ittifoqi o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun javob choralarini ko‘rishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!