Trampning “Tinchlik kengashi” tashabbusi jahonni ikkiga bo‘ldi

AQSh prezidenti Donald Tramp global mojarolarni hal qilish maqsadida “Tinchlik kengashi” deb nomlangan yangi tashabbusni ilgari surdi. U 60 ga yaqin davlatni ushbu kengashga qo‘shilishga taklif qildi. Biroq ko‘plab davlatlar bu tashabbusga nisbatan ehtiyotkor munosabat bildirmoqda va hozircha ochiq qo‘llab-quvvatlashga shoshilmayapti.
Rejaga ko‘ra, kengash avvalo G‘azo mojarosi bilan shug‘ullanadi, keyinchalik esa boshqa hududlardagi nizolarni ham qamrab oladi. Kengashga Donald Tramp umrbod raislik qilishi belgilangan. Uch yillik a’zolikdan tashqari, katta mablag‘ to‘lagan davlatlarga doimiy a’zolik berilishi ko‘zda tutilgan.
Hozircha faqat Vengriya ushbu tashabbusni ochiq qo‘llab-quvvatladi. Boshqa davlatlar esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining roli zaiflashib qolishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Ayrim diplomatlar yangi kengash BMT faoliyatiga putur yetkazishi va xalqaro tizimda kelishmovchiliklarni kuchaytirishi mumkinligini aytmoqda.
BMT rahbariyati davlatlar turli shakldagi hamkorlikni tanlash huquqiga ega ekanini bildirdi. Shu bilan birga, tashkilot o‘z vazifalarini bajarishda davom etishini ta’kidladi. Mutaxassislar esa global tinchlik va xavfsizlik masalalarida BMT muhim va yagona umumiy platforma bo‘lib qolayotganini qayd etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!